Ikki tojikistonlik O‘zbekistonda jami 22 yilga qamaldi
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
6653O‘zbekistonga giyohvand moddasi olib kirib, uni sotishga uringan ikki nafar Tojikiston fuqarosiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.
Tojikiston fuqarolari – 34 yoshli I.U. va 36 yoshli K.D. O‘zbekistonga 6 dona poliyetilen paketlarga qadoqlangan “OPIY” giyohvandlik vositasini olib kirgan. Ular joriy yilning 5 iyun kuni soat 01:30 da o‘z mahsulotlarini Samarqand viloyati hududida 20 000 AQSH dollariga sotayotganlarida tezkor-tadbirda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda sotish) va 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan yuqoridagi moddalar bilan ayblov e’lon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Joriy yilning 5 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining hukmiga ko‘ra K.D. va I.U. O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, K.D.ga nisbatan 10 yil, I.U. ga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.