Ikki oy oldin 3 yilga qamalgan sobiq hokim ozod qilindi
Jamiyat
−
31 avgust 2023
16792Avvalroq Xorazm viloyati Urganch shahri sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” (yer berish tartibini buzish) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq Abdullayevga nisbatan joriy yilning 29 avgust kuni amaldagi sud qarori o‘zgartirilib, u jarima jazosi asosida ozodlikka chiqarilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudlangan Abdullayevning advokatlari tomonidan asossiz sudlangani va uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish haqidagi kassatsiya shikoyatlari hamda Xorazm viloyat prokurori tomonidan aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi va yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash haqida keltirgan protest asosida kassatsiya tartibida ko‘rib chiqqan.
Oliy sud kassatsiya instansiyasining 29 avgustdagi ajrimiga muvofiq yuqoridagi sud qarorlari o‘zgartirilib, sobiq hokimga BHMning 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shu tariqa, protest to‘liq, shikoyatlar esa qisman qanoatlantirilgan va hokimning jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilangan.
LiveBarchasi