Ikki hududda og‘ufurushlar qo‘lga olindi
3-sahifa
−
10:22 989 1 daqiqa
Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 1 kilogrammdan ortiq gashish moddasi, 782 dona “Tropikamid” hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq boshqa ashyolar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida tezkor tadbirlar o‘tkazgan.
Aniqlangan birinchi holatda, muqaddam sudlangan 44 yoshli fuqaroning yashash xonadonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uning yerto‘lasidan 782 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilgan.
Yana bir holatda esa 1975 yilda tug‘ilgan shaxsning uyidan 758 gramm gashish, giyohvandlik vositalari qoldiqlari bo‘lgan 6 dona pichoq hamda 4 dona elektron tarozi aniqlangan.
Shuningdek, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Farg‘ona – Namangan” yo‘nalishida harakatlangan Lacetti avtomobilini Namangan tumani hududida to‘xtatgan.Tekshiruv davomida avtomobil salonidan 465 gramm gashish moddasi aniqlangan. Mazkur avtomobilni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs boshqargan.
Ma’lum qilinishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konda qariyb 10 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlanib, musodara qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi