“Ikkala davlat manfaatlariga javob beradi”. Japarov Kampirobod kelishuviga izoh berdi

Olam

image

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitim ikki davlat manfaatlariga mos keladi. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti sayti yozmoqda. 

Gap shundaki, kecha, 3 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Bishkekka borib, Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan chegara masalasida muzokara o‘tkazdi, chegaraga oid bir qator hujjatlarni imzoladi, so‘ng Prezident Sadir Japarov qabulida bo‘ldi. 

Japarov va Norovning suhbati haqidagi xabarda odatiy tarzda qayd etilishicha, uchrashuvda “Qirg‘iziston va O‘zbekiston keng qamrovli hamkorligi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish”, qirg‘iz-o‘zbek munosabatlarini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik ruhida jadal rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan. 

Japarov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga salom va ezgu tilaklar yo‘llagan. 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining press-relizining so‘nggida qayd etilishicha, uchrashuvda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitim ikki davlat manfaatlariga mos kelishi ta’kidlangan. 

Japarovning matbuot xizmati Qirg‘iziston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Kampirobod suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitim imzolangani haqida hech qanday ma’lumot bermagan. 

Eslatib o‘tamiz, Norov kecha, 3 noyabr kuni qirg‘izistonlik mavqedoshi Jeenbek Kulubayev bilan muzokaralardan so‘ng, quyidagi hujjatlarga imzo chekkan. 

•    Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi Bitim;

•    Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Kampirobod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitim;

•    Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim;

•    Qirg‘iziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi;

•    Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim;

•    Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari tomonidan qo‘shma bayonot qabul qilingan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

134

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing