Iqtisodiyot va moliya vazirligi ota-onalarni mas’uliyatsizlikda ayblamoqda
Tahlil
−
11 noyabr
5737O‘zbekistonda ota-onalar mas’uliyatsiz bo‘lib ketayotganidan xabaringiz bormi? Buni qarangki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma loyihasida darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi O‘zbekistondagi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishiga va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatiga sabab bo‘layotgani haqida ma’lumot keltirgan.
Darslik ijarasi tarixi
Keling, maqsaddan chalg‘imagan holda maktab darsliklari ijara to‘lovi nega bekor qilingan-u, nima maqsadda qayta tiklanmoqchi ekanini tahlil qilsak. O‘zbekistonda ta’lim tizimi mustaqillikdan keyin bir necha bor yangilanishlarga uchradi.
2014 yilda ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Aynan shu yili ta’lim darsliklarini ijaraga berish tizimi bo‘yicha birinchi qonuniy asoslar yaratildi. 2014 yil 6 iyulda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar orqali maktab darsliklarini ijaraga berishning asosiy tamoyillari belgilandi. Bu o‘zgarishlar, shuningdek, o‘quvchilarga darsliklarning yangilangan va zamonaviy variantlarini olish imkonini berdi.
Bu qonun bilan maktab darsliklarini davlat tomonidan nashr etish va tarqatishning bir qismi sifatida ijaraga berish tizimi haqidagi yangi imkoniyatlar yaratildi. Lekin bu tizim to‘liq amalga oshirilmagandi, faqatgina darsliklarni ijaraga berishning nazariy asoslari ishlab chiqilgandi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezident qarori bilan 2019 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Ta’lim darsliklarini va o‘quv adabiyotlarini ijaraga berish tartibini joriy etish” qarori bilan darsliklarni ijaraga berish tartibiga aniqlik kiritildi. 2020 yil 1 sentyabridan boshlab barcha umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga darsliklar ijaraga berila boshlandi.
Bu qaror asosida darsliklarga zamonaviy bilimlarni o‘z ichiga olgan yangi adabiyotlar kiritilishi ko‘zda tutilgan edi.
Darslik chop etilishidagi o‘zgarishlar
Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi (VMQ-239) va 2018 yil 30 martdagi (VMQ-249) qarorlariga asosan umumta’lim muassasalarida umumiy ta’lim fanlari uchun darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha xizmatlar narxlari (tariflari) (maxsus tasdiqlangan XTV ro‘yxati bo‘yicha) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Darsliklarni nashrga tayyorlagan va mualliflik huquqiga ega bo‘lgan bosmaxonalar tomonidan taqdim etilgan narx-navo hisob-kitobi deklaratsiyadan o‘tkazilgan, darsliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilingan.
Biroq prezidentning 2020 yil 1 sentyabrdagi (PQ-4640-sonli) qaroriga muvofiq, davlat buyurtmasi asosida bosma mahsulotlar, shu jumladan, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashrga tayyorlash va chop etish, O‘zbekiston norezidentlari ham qatnashishi mumkin bo‘lgan Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiy hisoblanadi.
2020 yil 1 oktabrdan boshlab respublika byudjeti mablag‘lari va Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr etishda (qayta nashr etishda) narxlarni davlat tomonidan tartibga solish (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilingan.
Darslik ijara narxi oshirilishi
2022-2023 o‘quv yili uchun ijara to‘lovi 5 707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2 740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108 foiz) oshgan.
“Ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summani to‘plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytirish yo‘li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta’lim tillari uchun bir xil etib belgilanadi.
Ijara to‘lovi summasini ota-onalar darslik to‘plamini to‘liq olgach, 1 oktyabrga qadar amalga oshirishlari mumkin”, deya bayonot bergan Xalq ta’limi vazirligi.
Ijara to‘lovining oshirilishi oqibatida darsliklar sifati va ijara to‘lovlari masalalari muhokama qilina boshlangan. Darslik mualliflari, jumladan, xorijda tahsil olgan mutaxassislar, yangi yondashuvdagi darsliklarni yaratishda mas’uliyat bilan yondashganlarini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xatolar va salbiy fikrlar darsliklarga bo‘lgan ishonchni pasaytirgan. Ota-onalar va jamoatchilik darsliklar ijara to‘lovlarining oshishi bilan norozilik bildirgandan so‘ng Shavkat Mirziyoyev bu masalani hal qilish uchun darsliklarni bepul ijaraga berishni ko‘rib chiqishni buyurgan va darsliklar sifatini tekshirishga oid ishchi guruh tuzilgan.
Ijaraning bekor bo‘lishi
2022 yilda darsliklar sifatini yaxshilash yuzasidan yangi islohotlar olib borildi va Prezidentning PF-79-sonli Farmoniga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, maktab darsliklari uchun ijara haqi to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilandi. Bu o‘quvchilarga darsliklarni bepul olish imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining faoliyati tugatilishi va uning barcha funksiyalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi. Jamg‘arma o‘rniga alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i orqali darsliklarni ishlab chiqarish va taqdim etish uchun ajratiladigan mablag‘lar mustaqil tasarruf etila boshlandi.
Vazirlikka nima kerak?
Yuqorida O‘zbekistonning maktab darsliklari bilan bog‘liq yaqin tarixiga nazar tashladik. Xo‘sh, tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan bepul darsliklarni yana qayta pulli qilish Iqtisodiyot va moliya vazirligiga nimaga kerak bo‘lib qoldi ekan?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan “Byudjetnoma”da 2025 yilda maktab darsliklari ijarasi to‘g‘risida quyidagicha prognoz berilgan.
“Umumta’lim maktablarini darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025-2026 o‘quv yilidan 2-11 sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish. Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi Byudjetnomada.
Shuningdek, Byudjetnomada darslik narxlari va ijaradan yig‘iladigan mablag‘dan nima maqsadda foydalanish ham qayd etilgan.
“2024-yilda bir bola uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami o‘rtacha narxi 450-500 ming so‘mni tashkil etgan (shundan mashq daftarlari 100-150 ming so‘m). Bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (bir to‘plam tannarxining 16-18 foizi) miqdorida ota-onalar to‘lovini qayta tiklash. Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘lar har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi”, deyiladi Byudjetnomada.
Darslik ijarasi mavzusi doirasida bir qancha bloger va jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi. Jurnalist va bloger Muhrim Azamxo‘jayev holat yuzasidan bildirgan fikrida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani, darslik uchun pul so‘rashdan uyalish kerakligi haqida aytib o‘tgan.
“Konstitutsiyasiga “bu – ijtimoiy davlat” deb yozib olgan mamlakat maktab o‘quvchilariga berilayotgan darsliklar uchun pul so‘rashdan uyalishi kerak. Hech bo‘lmasa shu – “ijtimoiy davlat” degan yozuv uchun ham uyalishi kerak. Bu yozuv yozilganiga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q, uni “o‘tgan zamondagi yomonlar yozib ketgan” deb birovga to‘nkashga ham asos yo‘q”, deydi jurnalist.
Shuningdek, u o‘z postida Amerikani kashf etishni to‘xtatib, normal dunyo yurgan yo‘ldan yurish ma’qulligini aytgan.
“Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul (ehtimol, darsliklar aslida bunchalik qimmatga tushmas. Va Amerika kashf qilishni to‘xtatib, bu sohada ham normal dunyo qilayotgan ishni qilgan, normal dunyo yurayotgan yo‘ldan yurgan ma’qul”, deydi Muhrim A’zam.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev Byudjetnoma e’lon qilinishi bilan o‘z Facebook sahifasida holat yuzasidan shunday murojaatnoma bilan chiqdi.
“Byudjetnoma loyihasida 2025/2026-o‘quv yilidan 2-11 sinflarda darsliklar uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish ko‘rsatilgan.
Buni qanday tushunmoq kerak: o‘zi ko‘p yillar davomida Konstitutsiyaga zid ravishda ota-onalardan darsliklar ijarasi uchun pul olinib, oxiri bu to‘xtatilgandi. Ya’ni Konstitutsiyaga amal qilish boshlangan edi.
Endi yana yangi Konstitutsiyaga zid harakatlar davom etadimi? Yoki Prezident topshirig‘i xato bo‘lganmidiki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Prezident irodasini sindirishga urinsa?”, degan Kusherboyev.
Shuningdek, u postida mas’ullardan byudjetni shakllantirishga aqllari yetmasa, o‘rinlarini bo‘shatib qo‘yishlarini so‘ragan.
“Bola pulini rasvo qilgan, suyunchi pulini yo‘q qilgan Moliya va iqtisodiyot vaziri boshchiligidagi mas’ullarning bolalarning haqqidan mahrum qilmay byudjetni shakllantirishga aqliy salohiyati yetadimi o‘zi?
Yetmasa o‘rinni bo‘shata qolinglar! O‘rningizga sizdan-da aqlli, vatanparvar, xalqparvarroq yoshlar topiladi. Ta’lim tizimini izdan chiqarmoqchi bo‘lganlarni “xalqning dushmani” deb atasak ham bo‘ladi. Eski Konstitutsiyada bepul umumiy ta’lim kafolatlangan”, degan sobiq deputat.
Shuningdek, Kusherboyev vazirlikni ota-onalarga bo‘hton qilishayotganini aytib, bir necha savollarni o‘rtaga tashlagan.
“Hurmatli moliya-iqtisodiyot vazirligi, vazir, qayerdan oldingiz bu gapni? Siz ham maktab davrida bepul darslikdan foydalanganingizda ota-onangiz mas’uliyatsiz bo‘lib ketganmidi? Bu yolg‘oningizga kimni ishontirmoqchisiz? Qip-qizil bo‘hton-ku bu. Byudjetni to‘ldirishga boshqa bahona topa olmadingizmi? Yangi Konstitutsiyaning normasida ham bepul umumiy ta’lim kafolatlangan. Yo Prezidentning ijtimoiy adolatni tiklash pozitsiyasi o‘zgarib qoldi demoqchimisiz? Yoki Prezidentning bergan topshirig‘i xato edi, degan signal bermoqchimisizlar odamlarga?” degan savollarni berdi Rasul Kusherboyev.
Shuningdek, u byudjetga mablag‘ yetmayotgan bo‘lsa, alohida monopol guruhlarga berilayotgan imtiyozlarni to‘xtatish taklifini ham bergan.
“Agar byudjetga mablag‘ yetmayotgan bo‘lsa, alohida monopol guruhlarga berilayotgan imtiyozlarni to‘xtatinglar. Siz o‘ylagandan bir necha baravar ko‘p pul tushadi byudjetga. “Oshirib yubordingiz, bizning maqsadimiz bunday emas edi” desangiz, marhamat alohida guruhlarga berilgan imtiyozlarni bekor qilinglar.
Sizlar hatto oliygohlarda ham kontrakt to‘lamay o‘qigansizlar. O‘zingiz uchun hamma narsa bepul bo‘lgan. Mansabga erishganingizdan keyin, “hamma narsani pullik qil” deb, bola puli ham rasvo qilindi, suyunchi puli ham yo‘q qilindi. Men darsliklarni pullik qilinishiga noroziman. Befarq bo‘lgan jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi”, deya barchaga murojaat bilan chiqdi sobiq deputat.
Xo‘sh, Prezident farmonini amalda qayta ko‘rib chiqmoqchi bo‘layotgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bildirilgan fikr va murojaatlardan so‘ng holatga biror izoh berib chiqadimi? Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring.
Iroda Mirvohidova
LiveBarchasi