Iqtisodiy urush: Kanada AQSHga javob bojlarini joriy qildi
Olam
−
10:01 642 1 daqiqa
Kanada AQSHning yangi bojlariga javoban 700 ga yaqin turdagi Amerika mahsulotlariga qo‘shimcha boj joriy qildi. Yangi bojlar joriy yilning 8 sentyabridan kuchga kiradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Kanada hukumatining ma’lum qilishicha, bojlar AQSHdan import qilinadigan 700 ga yaqin turdagi mahsulotga nisbatan 15, 25 va 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
Xususan, po‘lat, alyuminiy, mebel va kiyim-kechaklarga 50 foizlik, pishloq, maishiy texnika va ayrim dengiz mahsulotlariga 25 foizlik, elektronika va asboblarga esa 15 foizlik boj belgilanadi. Shuningdek, plastmassa, yog‘och, qog‘oz mahsulotlari, gilamlar, mototsikllar va boshqa tovarlar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Kanada Sanoat vaziri Melani Joli bojlar mamlakat bizneslarini himoya qilishga qaratilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mahsulotlarga boj joriy etish orqali AQSHning muayyan shtatlariga siyosiy bosim o‘tkazish ham ko‘zlangan.
Shuningdek, Kanada bojlar sababli zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan biznes va ishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7,5 milliard Kanada dollari miqdorida yordam paketi e’lon qilgan. Mamlakat Biznesni rivojlantirish banki zarar ko‘rgan kompaniyalarga 2,5 milliondan 5 million Kanada dollarigacha foizsiz kredit ajratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kanadadan import qilinadigan 20 milliard dollarlik mahsulotlarga 50 foizlik yangi bojlarni joriy qilgandi.
Live
Barchasi