IIV Izboskanda mas’ullarning toshbo‘ron qilinishi bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning buldozer yo‘liga turib olib, uyi buzilishiga qarshi chiqayotgani, hamda buzish uchun kelganlarni toshbo‘ron qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

Mazkur videolavha yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rasmiy axborot berdi. Qayd etilishicha, holat Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Vazirlik axborotida fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 2017 yil 21 dekabr kuni da’vogar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, Madrasa ko‘chasi 36-uyda yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan Karimova Maxsudaxonni, javobgar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, M.Boltaboyev ko‘chasi 20-uyda yashovchi fuqaro Obidjon Mamatojiyev va boshqalarga nisbatan “O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish, noqonuniy egallab olingan yer maydonini da’vogarga qaytarish, javobgarlarni majburiy tartibda ko‘chirish, meros mulkini natura holda undirish haqida”gi da’vo arizasi bo‘yicha yuritilgan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.

Sudning 2018 yil 11 yanvar kunidagi hal qiluvchi qarori va shu kuni ijro varaqasiga ko‘ra, Izboskan tumani “Uzunko‘cha” MFY, Oydinhayot (sobik M.Boltaboyev) ko‘chasidagi nizoli 1 389 kv m yer maydonida joylashgan 20-uyga javobgar Obidjon Mamatojiyev tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, ayvon va bostirma qurilmalari javobgar hisobidan majburiy tartibda yoki da’vogar tomonidan buzdirilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 89-moddasiga muvofiq, sud ijrochisining sud ijro varaqasi yuzasidan bo‘lgan talablarni O‘zbekiston Respublikasidagi fuqarolar, barcha davlat idoralari va boshqa mansabdor shaxslar bajarishga majburligi, shunga ko‘ra, sud bu ishga aloqador bo‘lgan barcha mansabdor shaxslardan va fuqarolardan sud qarorlarini aniq va o‘z vaqtida bajarishlarini va sud qarorlarini bajarayotgan sud ijrochilariga qonuniy yordam ko‘rsatishlari talab etilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Izboskan tumani bo‘limining 2019 yil 2 may kungi ijroni amalga oshirish haqidagi 9899-sonli xatiga asosan, FIB Izboskan tumanlararo sudining 2018 yil 11 yanvar kungi hal qiluv qarori va ijro varaqasi ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yil 4 may kuni soat 11:00 da Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan noqonuniy qurilmani buzdirish tayinlangan.

Sudning ijro varaqasi ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan sud ijrochilari N.Ahmadjonov, Izboskan tumani Tibbiyot birlashmasi xodimi X.Xoshimov, YOXB o‘chiruvchisi I.Rasulov, “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi X.Hakimov, mahalla fuqarolari yig‘ini kotibasi D.Xolmirzayeva, mahalla fuqarolari yig‘ini mutaxassisi Sh.Xolmatova, tuman IIB 14-sonli IIB boshlig‘i mayor T.Hasanov, profilaktika inspektorlari leytenantlar U.G‘afforov, U.Qurbonov va A.Ibragimov, profilaktika inspektori yordamchilari M.Ne’matjonov va X.Adhamjonov 2019 yil 4 may kuni soat 11:00da Izboskan tumani “Uzunko‘cha” MFY Oydinhayot ko‘chasidagi noqonuniy qurilgan xonadonda yashovchi, oilali, 4 nafar farzandi bor, mavsumiy ishchi 1975 yilda tug‘ilgan Obidjon Mamatojiyevning yashash xonadoniga tashrif buyurgan. Fuqaroga sudning hal qiluv qarori va ijro varaqasi o‘qib eshittirilib, ijrosini ta’minlash uchun xonadonni bo‘shatib qo‘yishlari to‘g‘risida tushuntirilishiga qaramasdan, javobgar Obidjon Mamatojiyev va uning turmush o‘rtog‘i Barnoxon Mamatojiyeva sud qarori ijrosini amalga oshirilishiga faol qarshilik ko‘rsatgan.

Jamoatchilik oldida baqir-chaqir qilib, uyatli so‘zlar bilan tadbirga jalb etilgan mas’ullarni haqorat qilishgan va qo‘liga tosh olib, noqonuniy qurilgan uyni buzishga jalb etilgan maxsus traktor oynalariga qarata otishgan. Sud ijrochilari va tuman IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganliklari uchun profilaktika inspektori leytenant U.Qurbonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 15 martdagi 55-sonli buyrug‘i talablari asosida xonadon egasi O.Mamatojiyevga nisbatan qo‘l kishani solinib, bu haqida tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orkali axborot berilgan.

Tadbir davomida fuqaro Obidjon Mamatojiyev va uning turmush o‘rtog‘i Barnoxon Mamatojiyeva tomonidan sud ijro varaqasi ijrosini ta’minlashga to‘sqinlik qilganliklari va sud ijrochilari hamda IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlik holatlari bo‘yicha surishtiruv hujjatlari olib borilgan. To‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan jarayonni fuqaro Obidjon Mamatojiyevning qo‘shnilari Feruza Xoldarova va Nozima Sodiqova mobil telefoni yordamida videotasvirga olganligi aniqlangan.

Tadbir davomida ushbu holatni videotasvirga olgan, 1991 yilda tug‘ilgan, turmushdan ajrashgan, 1 nafar farzandi bor, Izboskan tumani Oydinhayot ko‘chasida yashovchi, Andijon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida hamshira vazifasida ishlovchi Feruzaxon Xoldarova o‘zini Majburiy ijro byurosi xodimlari urib tan jarohati yetkazganligini ma’lum qilib, tuman Tibbiyot birlashmasi SHTYOBga murojaat qilgan.

Mazkur holat tuman IIBda 2019 yil 4 may kuni ro‘yxatdan o‘tkazilib, hozirda tuman prokuraturasi tergovchisi A.Abdumalikov tomonidan Mamatojiyev Obidjon va uning turmush o‘rtog‘i Barnoxon Mamatojiyevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 194-moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, 2019 yil 10 may kuni sud muhokamasiga taqdim qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Izboskan tumani

Baholaganlar

120

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing