IIV Sirdaryoda sudya va II xodimlari o‘rtasida yuz bergan voqea tafsilotlarini ochiqladi (video)

Jamiyat

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahriga kirishda Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudining sudyasi A.Z.Ergashev Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlarga Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi va voqea tafsilotlarini ochiqladi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 13 iyul kuni soat 09:30 larda oq rangli Nexia rusumli, 01 X 172 DA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi “Toshkent” karantin blok posti orqali mo‘ljallangan ikkita harakatlanish bo‘lagi orqali harakatlanmasdan, uchinchi harakatlanish bo‘lagi orqali Guliston shahriga kirmoqchi bo‘lgan. Keyinchalik haydovchi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi A.Z.Ergashev ekani ma’lum bo‘lgan.

Natijada avtoyo‘lning uchinchi bo‘lagida harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinalarining yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Orqa tomondan tez yordam avtomashinasida og‘ir kasal kelayotganligi bois shu yerda xizmat o‘tayotgan ichki ishlar xodimlariga aloqa vositasi orqali xabar kelib tushganligi sababli, xodimlar zudlik bilan tez yordam avtomashinasini to‘siqsiz o‘tkazib yuborishlik uchun mazkur haydovchiga avtomashinani to‘g‘riga harakatlantirish ishorasini ko‘rsatgan. Shunga qaramay, xaydovchi o‘zini tanishtirmasdan, xodimlarning talablarini bajarmasdan, avtomashinasini yo‘lning qatnov qismida to‘xtatib, tez yordam avtomashinalarini to‘siqsiz xarakatlanishiga xalaqit qilgan.

Shundan so‘ng, mazkur blok-postda xizmatga jalb etilgan va holatni kuzatib turgan, IIB xodimlari uning yoniga borib, YHXB xodimi bilan birga haydovchiga orqasidan harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasini yo‘lini to‘sib qo‘yganligini tushuntirgan. Biroq haydovchi avtomashinasini joyidan qo‘zg‘atmasligini aytib, xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Shundan so‘ng xodimlar mazkur haydovchi boshqaruvidagi avtomashina orqasida turgan tez yordam avtomashinasini to‘siqsiz harakatini ta’minlash va tirbandlikni bartaraf etish maqsadida Nexia haydovchisini mashinadan tushirib, avtomobilni yo‘ldan olgan. Muammo bartaraf etilgandan so‘ng haydovchi o‘zini tanishtirgan shundan so‘ng xaydovchiga ketishga ruxsat berilgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Haydovchi va Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasidagi muloqot xodimlarning bodikameralarida to‘liq aks ettirilgan.

“Tasvirlarda ko‘rganingizdek, haydovchi bilan ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida bo‘lgan muloqot jarayonida kuch ishlatish yoki qo‘pollik qilinmagan.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, barchamiz o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilsak, avtotransport egalari esa haydovchilik madaniyatini oshirsalar, bu kabi ziddiyatli holatlar kelib chiqmagan bo‘lar edi. Xulosa esa o‘zingizdan”, deya yakunlagan IIV.

Eslatib o‘tamiz, Sudyaning IIV xodimlari tomonidan do‘pposlangani haqidagi xabarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov mazkur holatga munosabat bildirib, ba’zi xodimlar forma kiygan kuni o‘zini “Xudoning yerdagi soyasi” deb bilayotganini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV sud'ya

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing