IIV rasmiysi Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayapti
Jamiyat
−
05 may 2020
65235Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning xatti-harakatlari, xususan Ichki ishlar xodimlariga qaratilgan haqoratlariga nisbatan huquqiy baho berilishi haqida xabar bergan edik. Ayni vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. QALAMPIR.UZ ayni masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bilan telefon orqali muloqot qildi.
“Videodagi haqoratomuz fikrlar bevosita Ichki ishlar organlari xodimlarining shaxsiyatiga tegadigan gaplar edi. Biz madaniyat xodimining bunchalik madaniyatsizlik qilishini kutmagan edik. Bu darajada odamning shaxsiyatiga tegishini tasvirlashga so‘z ojiz”, deydi G‘iyosov.
IIV rasmiysining fikricha, Usmonova o‘z xatti-harakatlari bilan jamiyatda yurish-turish qodilarini qasddan mensimagan. Ichki ishlar organlari xodimlarining sha’ni va qadr-qimmatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsitishga harakat qilgan. Ushbu masala qonuniy tartibda ko‘rib chiqiladi va javobgarlikka tortiladi.
Shohruh G‘iyosov suhbatda davom etarkan, Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini urg‘uladi:
“Videoni birinchi marta ko‘rganimda, to‘g‘risi, men uning ruhiy sog‘lomligiga, o‘zini tutishiga shubha bilan qaradim. Qanday qilib odam shunday gaplarni gapirishi mumkin? Shundan kelib chiqib tegishli tartibda tekshirish va surishtiruv ishlarini olib borishni boshladik. San’atkorning xatti-harakatlariga xalqimiz o‘z bahosini berdi. Bunga ko‘pchilik guvoh. Biz faqat ongli tartibda chorasini ko‘ramiz”.
Yulduz Usmonovaning bir nafar yoki bir guruh Ichki ishlar xodimlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi ortidan butun soha xodimlarini la’natlashi, ularni haqoratlashi va ishlamayotganga chiqarishi sohada ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tajribali, oriyatli va vijdonli kishilarning qon bosimini oshirdi. G‘iyosovga ko‘ra, Usmonovaning haqoratlarini og‘ir qabul qilganlar talaygina. Endi ularning g‘azabidan Usmonovani yana ichki ishlar xodimlari himoya qilishi kerak.
“Hozir shunaqa bo‘lishi mumkinki, Usmonovani o‘zining gapidan o‘zini himoya qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ayrim odamlar bu gaplarga chidolmay qasd qilishi ham mumkin. Shunday vaziyatda begona odam unga zarar yetkazib qo‘ymasin deb, yana uni qo‘riqlashga to‘g‘ri keladi”, deydi Shohruh G‘iyosov.
Ma’lumki, Yulduz Usmonova oradan ko‘p o‘tmay aytgan gaplari uchun Ichki ishlar organlari xodimlaridan uzr so‘rab chiqdi. Xo‘sh, bu hammasi unut bo‘ldi deganimi?
“Videoni hamma ko‘rdi-ku. Undan keyin uzr so‘rash odamga to‘g‘ri kelmaydi. Har bir odam gapirgan gapiga javob berishi kerak”, deydi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov.
LiveBarchasi