IIV xodimlari nega o‘zini o‘ldiradi? Mas’ullar izoh berdi

Tahlil

Butun dunyo statistikasiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish holatlari eng ko‘p Yaponiya va Janubiy Koreyada kuzatiladi. O‘zbekistonda yiliga yuzlab sodir etiladigan bunday holatlar orasida o‘rtacha 3 tagacha suiqasd holati Ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda joriy yilning 1 dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i, polkovnik Umid Nurullayev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Ko‘p ming sonli shaxsiy tarkibga nisbatan yiliga bitta, ikkita, uchta o‘z joniga qasd qilish holati yuz berishi, o‘ylaymanki, statistika nuqtai nazaridan normal holat sifatida qarash mumkin”, deya ta’kidladi Nurullayev.

Shu o‘rinda polkovnik Xorazm viloyati Yangiariq tumani ichki ishlar bo‘limida navbatchi yordamchi bilan sodir etilgan o‘z joniga qasd qilish holatiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bu xodim xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan vaziyatga tushgan, ya’ni rafiqasi bilan ajrashgani uchun stressda bo‘lgan. Hozirda prokuratura tomonidan tekshiruv olib borilyapti. O‘limi oldidan sobiq xotini tomonidan unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan va yanada chuqur stressga tushadigan vaziyat kuzatilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin bor. Xodim unga topshirilgan quroldan foydalanib o‘z joniga qasd qilgan. Ichki ishlar organlarida qurol bilan ishlaydigan xodimlarimiz psixologik suhbatdan o‘tkaziladi. U xodim to‘liq normal holatda bo‘lgan, lekin xizmat jarayonida oilaviy janjal natijasida ushbu holat kelib chiqqan”, deydi polkovnik Nurullayev.

Ta’kidlanishicha, ushbu holat yuzasidan tekshiruv olib borilyapti va yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida Xorazm viloyatida IIB xodimi xizmat quroli bilan o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning iyun oyida ham Toshkent viloyatining Angren shahrida IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash guruhi xodimi o‘zini otib o‘ldirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing