IIV forma kiyib tomosha ko‘rsatadigan bloger va ijodkorlarni ogohlantirdi

O‘zbekiston

−

visibility28213 timer2 daqiqa

Ichki ishlar vazirligi organ xodimlarining formasidan bilib-bilmay foydalanib, turli hajviy videokontentlar tayyorlayotgan ijtimoiy tarmoq faollariga ogohlantirish bilan chiqdi.

IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bugungi kunda internet tarmog‘idagi ko‘p platformalar yoshlarning cheksiz ijodiy izlanishlariga imkoniyat ochib berganini, hajviy yoki jiddiy kontent yaratish juda oson bo‘lib qolganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u harbiy yoki maxsus forma kiyib, mazxarali kontentlar yaratish orqali tengdoshlarini kuldirishga, sayoz filmlar yoki seriallar orqali ommani jalb qilishga qaratilgan harakatlar ma’muriy javobgarlikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Vazirlik kuzatuvlariga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, filmlarda yoki seriallarda qahramonlar foydalanadigan formali kiyim-bosh noto‘g‘ri yoki qo‘pol xatolar bilan kiyilgan holda jamoatchilikka namoyish qilinmoqda. Ushbu faktlar nafaqat huquqbuzarlik hisoblanadi, balki IIO xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat deb baholanadi.

“Esingizda bo‘lsin, harbiy yoki maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209-1-moddasi bilan javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi”, deydi G‘iyosov.

Shu bilan birga vazirlik vakili IIV turli ijodkorlar va ijtimoiy tarmoq faollariga bu masalada hamkorlikka hamisha tayyorligini ta’kidlab o‘tgan. 

“Agar siz IIO bilan bog‘liq biror ijodiy ish yoki videomahsulotni tasvirga olmoqchi bo‘lsangiz, IIV yoki hududiy IIOning Matbuot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin. Biz, albatta, o‘z maslahatimiz bilan sizga ko‘maklashishga tayyormiz”, deydi Shohruh G‘iyosov.


Maqola muallifi

Sunnatilla Abdullaev

Teglar

IIV

Baholaganlar

736

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing