IIO xodimlarining fuqaroga qilgan muomalasi ortidan janjal ko‘tarildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida ichki ishlar organlari xodimlari va Damas haydovchisi o‘rtasida haqoratli so‘zlar ortidan yuzaga kelgan nizoli holat videosi tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 2 avgust kuni soat 21:30 atrofida Toshkent viloyatining Toshkent tumani hududida sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda tungi xizmatni o‘tayotgan Ichki ishlar organlari xodimlari va Damas rusumli transport vositasi haydovchisi, fuqaro A. Sh. o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan.

Fuqaroga tegishli transport vositasining kuzovi va oynalariga harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yozuvlar, jumladan reklama tasvirlari tushirilgani aniqlangan. Shu sababli haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan holat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Biroq fuqaro bilan muloqot vaqtida ayrim ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan muomala madaniyatiga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani qayd etilgan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan nazoratga olinib, xodimlarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Angor tumanida YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani aytilayotgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing