IIO xodimini pichoqlagan shaxsni qo‘lga olishda yordam bergan fuqaro mukofotlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkentda ichki ishlar organi xodimini pichoqlaganlikda gumonlangan shaxsni qo‘lga olishda yordam bergan fuqaro Ichki ishlar vaziri minnatdorchiligi va 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. 20 may kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Xabaringiz bor, joriy yilning 19 may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan PPX inspektori safdor Izzatbek Ibragimov shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmoqchi bo‘lganida, u yonidagi o‘tkir tig‘li buyum bilan xodimning hayotiga suiqasd qilib, bo‘yin qismiga tan jarohati yetkazgan edi. U voqea joyidan yashirinish maqsadida shu atrofda bo‘lgan avtobusga qo‘lidagi pichoq bilan chiqib olgan. Hududda xizmat olib borayotgan Patrul-post xizmati xodimlari katta serjant Samat Karjanboyev, safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori leytenant O‘ktam Normamatov tezkorlik bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlab,  avtobusdan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan. So‘ng xavfli jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan zararsizlantirib qo‘lga olgan. Ushbu jarayonda IIO xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam bergan. 

Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida e’tirof etildi. Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda bo‘lib o‘tgan tadbirda fuqaro Vladimir Avdiyansga “Ichki ishlar vazirligining minnatdorchiligi” e’lon qilinib, 10 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan serjant Samat Karjanoyev, safdor Sardor Abzalov “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan, leytenant O‘ktam Normamatov rag‘batlantirish tariqasida muddatdan oldin “katta leytenant” maxsus unvoni bilan taqdirlandi. 

Ma’lumot uchun, gumondor shaxs X.A. 1963 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U Jizzax viloyati Paxtakor tumanida istiqomat qilib kelgan, 2005 yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turadi.

Hozirda holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi hamda 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing