IIBda so‘roq qilingan fuqaro vafot etdimi? Tergov departamenti aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
6217Kecha, 18 noyabr kuni internet ijtimoiy tarmoqlarida “IIBda so‘roq qilingan shaxs o‘ldi. Yaqinlari uning urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti o‘rganish olib bordi va quyidagilarni ma’lum qilmoqda.
Aniqlanishicha, joriy yilning 16 noyabr kuni fuqaro Nasriddin Jabborov tuman IIB boshlig‘i nomiga, “O” ismli shaxs “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish bilan shug‘ullanayotganligini, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu kuni soat 13:30 larda Bulung‘ur tuman IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.R. 150.000 so‘m evaziga Nasriddin Jabborovga vazni 3,71 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasini sotgan vaqtida ushlanib, yonidan vazni 0,78 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi va tadbirda ishlatilgan 150.000 so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.R.ga nisbatan ayblov e’lon qilingan va “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Dastlabki tergov davomida Nasriddin Jabborov tergovga olib kelinmagan va jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinmaganligi aniqlangan.
Joriy yilning 16 noyabr kuni soat 16:10 larda Nasriddin Jabborov Bulung‘ur tumani IIB JQB xizmat xonasida birlamchi xujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida sog‘lig‘i yomonlashib qon bosimi ko‘tarilishi va yurak xuruji bilan Tez tibbiy yordam mashinasida Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga olib borilgan hamda shu yerda vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.
Sud tibbiy ekspertizasining ma’lumotiga ko‘ra, Nasriddin Jabborovning tanasida tan jarohatlari aniqlanmaganligi, dastlabki sud tibbiy tashxisi – o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, koronarokardioskleroz, yurakning ishimik kasalligi ekanligi aniqlangan.
Hozirda Nasriddin Jabborovning vafoti yuzasidan Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va tegishli ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko‘ra tegishli huquqni muxofaza qiluvchi organ tomonidan to‘liq axborot berilishiga qadar fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib, nomaqbul izohlar berishlaridan saqlanishlarini so‘raymiz.
LiveBarchasi