IIBB: “MON REVE” MCHJ rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
19 fevral 2020
6717Sergeli tumani Davlat xizmatlari markazidan 06.02.2019 yilda 681812-reyestr raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan, ustki kiyimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “MON REVE” MCHJ rahbari Jizzax viloyatida tug‘ilgan 33 yoshli Zohid Toshtemirov hamda jamiyat norasmiy rahbari 37 yoshli muqaddam bir necha marotaba firibgarlik jinoyati bilan sudlangan Munira Karimovalarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Ularga nisbatan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki tekshiruvda “MON REVE” MCHJ Z.Toshtemirov va M.Karimovalar tomonidan oldindan til biriktirilib, moda sohasida O‘zbekistonning xalqaro brendini yaratish uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashni bahona qilib, aslida esa o‘zgalar mulkini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida tashkil etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “MON REVE” MCHJga murojaat qilgan fuqarolar Sergeli tumani Choshtepa dahasida ijaraga olingan binoda 12 mln. so‘m to‘lov evaziga 3 oy davomida chet eldan taklif etilgan mutaxassislar tomonidan o‘qitilishi, o‘quv kurslarida tahsil olgan fuqarolar kelgusida ushbu jamiyat tomonidan Toshkent shahri hamda Fransiya davlatida tashkil etiladigan Qo‘shma korxonalarda ish hajmiga qarab, 2 yil davomida 12 mln. so‘mdan 24 mln. so‘mgacha oylik maoshi tayinlangan holda ish bilan ta’minlanishi haqida ishontirib kelingan.
Shu bilan birga, “MON REVE” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan aslida fuqarolarni ish bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmasada, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish orqali fuqarolar ishonchiga kirishga erishilib, aksariyat fuqarolarning har biridan 12 mln. so‘mdan ortiq miqdordagi pul mablag‘larini go‘yoki kasb o‘rgatish uchun to‘lov sifatida olgan holda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelingan.
Hozirda “MON REVE” MCHJ rahbari Z.Toshtemirov hamda M.Karimovalarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ularning jinoiy faoliyatini to‘liq fosh qilish hamda jabrlangan fuqarolarga yetkazilgan zararning umumiy miqdorini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu firibgarlik jinoyati bilan bog‘liq holat yuzasidan jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar shaxslar ko‘pchilikni tashkil etishini inobatga olib hamda ularda holat bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha savollarga javob berish maqsadida Yakkasaroy tuman IIO FMB binosida Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari-tergov boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Alimov Zafar boshchiligida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda bugungi kunga qadar “MON REVE” MCHJ bilan shartnoma tuzib, to‘lovni amalga oshirgan taxminan 200 nafardan ortiq jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar shaxslar bilan suhbat o‘tkazildi hamda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tergov jarayoni xaqida batafsil ma’lumotlar berildi.
LiveBarchasi