Namanganlik aka-singil IIB xodimlari kaltaklaganini iddao qildi. Voqea qanday bo‘lgandi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chust tumani Olmos qishlog‘ida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan Gulmira Ilyosovaning Jizzax viloyati Forish tumani IIB xodimlari o‘zi hamda akasi Mirzaolim Ilyosovga tan jarohati yetkazganligi to‘g‘risidagi video tarqaldi. 

Jizzax viloyati IIB mazkur holat bo‘yicha raddiya berdi va voqea qanday bo‘lgani haqida batafsil ma’lumotni e’lon qildi. IIB dastlab videogacha bo‘lgan voqealar haqida ma’lumot bergan.

Unga ko‘ra, joriy yilning 5 iyul kuni Mirzaolim Ilyosovning 1990 yilda tug‘ilgan sha’riy nikohdagi turmush o‘rtog‘i Sh.M. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, Mirzaolim Ilyosov Sh.M.ning birinchi turmushidan 2012 yilda tug‘ilgan o‘g‘li hamda otasi Mirzaolim Ilyosov bo‘lgan, 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘liga eri muntazam ravishda tazyiq o‘tkazganligini, ularni turli usullarda qiynagai, jumladan, boshiga qaynoq suv quygani, bolalarni o‘ldirishini ta’kidlab kelganini bildirgan.

Shuningdek, Sh.M. 5 iyul kuni sha’riy turmush o‘rtog‘i Mirzaolim Ilyosov 2018 yilda tug‘ilgan farzandini qasddan hasharotlarga qarshi ishlatiladigan “Nurel” kimyoviy vositasi bilan zaharlaganini ma’lum qilgan. Mirzaolim Ilyosov va Sh.M.ning 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li M.M. zaharlanishi oqibatida Forish tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Sh.M.ning murojaati asosida voqea joyiga Forish tumani IIB tergov tezkor guruhi yetib borgan. Surishtiruvlar jarayonida Mirzaolim Ilyosov hudud profilaktika inspektori tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Bu paytda Mirzaolim Ilyosov mast holatda bo‘lgan. Buni o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik ham tasdiqlagan.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan Mirzaolim Ilyosov Forish tumani IIBga olib kelingan. Lekin Mirzaolim Ilyosov o‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lgani tufayli so‘roq qilinmagan. 6 iyul kuni Mirzaolim Ilyosov o‘ziga kelgach, so‘roq qilingan. Shu vaqtda Mirzaolim Ilyosov o‘zini yomon his qilayotganini bildirgan. Shu sababli Forish tumani tibbiyot birlashmasida qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, qo‘yib yuborilgan. Tibbiy ko‘rik Mirzaolim Ilyosovning tanasida tan jarohatlari yo‘qligini, amaliy sog‘lom ekanligini tasdiqlagan.

7 iyul kuni esa mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Forish tumani prokuraturasiga yuborilgan. Holat prokuratura tomonidan o‘rganilib, 5 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110- moddasi 2- qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Boshqarma videodagi holat haqida ma’lumot berib, bu Mirzaolim Ilyosov tergovga chaqirilganda yuz berganini bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 12 avgust kuni jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi Mirzaolim Ilyosov so‘roq qilish maqsadida Forish tumani ichki ishlar bo‘limiga chaqirilgan. Mirazolim Ilyosov soat 18:00 lar atrofida tuman IIBga yetib kelgan. 

Mirzaolim Ilyosov olib kirilayotgan vaqtda uning singlisi Gulmira Ilyosova hech qanday hujjatga ega bo‘lmasa-da Mirzaolim Ilyosovning qonuniy vakili ekanligini da’vo qilib, tergov harakatlarida uyali telefondan foydalangan holda videotasvirga olib ishtirok etishini ma’lum qilgan.

O‘z navbatida ichki ishlar organlari xodimlari Gulmira Ilyosovaning tuman ichki ishlar bo‘limiga kirishiga e’tiroz bildirishmagan. Lekin uyali aloqa vositasini ma’muriy binoga olib kirish mumkin emasligini ma’lum qilgan. Bunga rozi bo‘lmagan Gulmira Ilyosova tuman IIB nazorat o‘tkazish joyida ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qila boshlagan. Mazkur jarayonda Gulmira Ilyosova surishtiruvchi va profilaktika inspektoriga tashlanib, ularning xizmat kiyimlarini yirtgan. Xuddi shunday surishtiruvchining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan.

Tabiiyki, Gulmira Ilyosovaga xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi tushuntirilib, IIB binosiga kirishi kerakligi bildirilganida u ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng Gulmira Ilyosova tuman IIB binosidagi videokamera kuzatuvi bilan ta’minlangan maxsus xonaga olib kirilib, suhbatlashilgan. Suhbat davomida Gulmira Ilyosova IIB rahbarlari va xodimlarini uyatli va obro‘sizlantiruvchi so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Ushbu holatlar ro‘y bergan zahoti vaziyat tuman prokuraturasiga ma’lum qilingan. Voqea joyiga yetib kelgan prokuratura xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Gulmira Ilyosova tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rik Gulmira Ilyosovaning tanasida jarohatlar yo‘qligini tasdiqlagan. Shu bilan birga unga neyrotsirkulyator distoniya tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar qilingan. Ammo Gulmira Ilyosova tana a’zolari rentgen qilinishiga rozi bo‘lmagan. Gulmira Ilyosovani shifokorlar kuzatuv xonasiga yotqizmoqchi bo‘lishganida akasi Mirzaolim Ilyosov uni shifoxonadan ruxsatsiz olib ketib qolgan.

“Fikrimizcha, ijtimoiy tarmoqlarda shovqin ko‘tarishdan maqsad jinoiy javobgarlikdan qochishga urinishdir. Nima bo‘lganda ham masalaga prokuratura oydinlik kiritadi.

Asossiz materiallarni o‘rganmasdan ijtimoiy tarmoqdagi kanallariga joylayotganlarga esa eslatib o‘tamiz: yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlik uchun qonunda javobgarlik belgilangan”, deyiladi boshqarma xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

IIB

Baholaganlar

191

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing