II Jahon urushida bedarak yo‘qolgan o‘zbek askarining xoki vatanga qaytarildi
Jamiyat
−
06 may 2021
74711922 yil Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Boborahim Abdullayev 1941 yil Ikkinchi jahon urushiga ketgan edi. Urush tugagach, uning bedarak yo‘qolgani tasdiqlangandi. Uning xoki O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2020 yil oktyabr oyida Sankt-Peterburgning “Liniya fronta” qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati, Kirovsk tumani, Molodsovo qishlog‘i yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medaloniga ko‘ra Boborahim Abdullayev ekani tasdiqlangan.
Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Ye. Kassyuraning ta’kidlashicha Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi, shulardan 7 ming nafari o‘zbekistonlik askar vafot etgan va ular haqqiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik o‘rnatilgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va diplomatik vakolatxona nomidan o‘zbek qahramonini topishda va uni Vataniga qaytarishda zarur ishlar olib borganlari uchun ularga minnatdorlik bildirilgan.
Ona vataniga keltirilgan o‘zbek o‘g‘lonining xoki Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi boshchiligida va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Enam yaxshi qishlog‘ining xalq qabristoniga musulmonlar udumiga ko‘ra qayta dafn etildi.
Xabarga ko‘ra, marhumning xoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari endlikda, yaqinlarining roziligiga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Shon-sharaf” muzeyida saqlanadi.
LiveBarchasi