Idlibning kulayotgan bolasi: kichkina qizaloq Selva hikoyasi
Olam
−
27 fevral 2020
6960Urush so‘zi hayolga kelganida o‘z-o‘zidan uning ortidan vayronagarchilik, tartibsizlik, insonlar ko‘z yoshi, qayg‘u-alam, ocharchilik va o‘lim manzaralari ko‘z oldimizga keladi. Ana shunday og‘ir sharoitda umr kechirayotgan, shu bugun o‘lmay qolganidan xursand, bomba yoki o‘q ovozlaridan yuragi olinib qolgan har bir inson taqdiri haqida qancha gapirsa oz. Agar u norasida, hali hayot achchiq-chuchugini totmagan bola bo‘lsa-chi?
U kim, qaysi millat vakili, qaysi dinga e’tiqod qiladi, qaysi davlatda yashaydi buning ahamiyati yo‘q. Muhimi u inson. Tinch, osoyishta, baxtli hayot kechirishga haqli. Suriyadagi dahshatli urushni ko‘rgan, bombalar ovozi ichida katta bo‘lgan qizaloq Selvaning taqdiri ham qiziqarli.
Suriyaning Idlib shahridan Turkiyaga qochib o‘tgan to‘rt yoshli suriyalik Selva ilk bor o‘yinchoqlar bilan o‘ynash zavqini totib ko‘rdi.
Bolaning otasi Abdulloh Muhammad o‘q va bomba ovozlari qizining ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun bu ovozlar ular o‘ynayotgan o‘yinning bir qismi ekanligiga ishontirdi. Shu sabab kichkina Selva har safar bomba portlaganida quvonib kular edi. Uning nazarida go‘yo o‘yin qoidasi shunday.
Bu tasvirlar tushirilgan video internet tarmog‘ida paydo bo‘lgach, ko‘pchilikning e’tirofiga sazovar bo‘ldi.
Kunlarning birida, qizchaning oilasi Suriyaning Turkiyaga chegaradosh Xatay viloyatidagi qarindoshlari oldiga ko‘chib o‘tdi. U yerda kichik Selvaga hayotidagi birinchi o‘yinchoq – samolyot sovg‘a qilindi. Qizcha bundan o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi, uning quvonchi ichiga sig‘mas edi.
“Suriyada hamon ko‘pchilik o‘qlar ostida qolmoqda, ochlik va sovuq sharoitda yashamoqda. Bu yerga ko‘chib o‘tganimizdan xursandman. Bu yer xavfsiz. Turkiya 9 yildan beri Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlamoqda, buning uchun biz undan minnatdormiz”, dedi Selvaning otasi.
Muhammad mamlakatga kirishga ruxsat bergani uchun Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga va Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylga minnatdorchilik bildirdi.
"Umid qilamanki, biz bu yerda yangi hayot boshlaymiz. Men Selva boshqa bolalar kabi yashashini va ta’lim olishini istayman ”dedi Muhammad.
LiveBarchasi