“Ibrat farzandlari” – xorijiy tillarni o‘rganish uchun kreativ va bepul loyiha
Biznes
−
22 dekabr 2023
6007“Til o‘rganish xohishingiz tez so‘nayotgan bo‘lsa, boshqacharoq usul tanlang: kitob o‘qiyotgan bo‘lsangiz uning audio formatiga o‘ting, darslikni qo‘yib, lug‘atni qo‘lga oling va hokazo”. Vengriyalik professional tarjimon Kato Lomb bergan maslahat “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida berilayotgan imkoniyatlarga to‘la mos keladi.
Yigirmadan ortiq xorijiy tillarni onlayn tarzda bepul o‘rgatib kelayotgan “Ibrat farzandlari” loyihasining ishga tushganiga 1 yil to‘ldi. O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilgan loyihani O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Bugungi kunda darslardan foydalanuvchilar “YouTube” platformasida 430 ming nafardan ortgan. Sahifada e’lon qilingan darslar kuzatuvchilar tomonidan 20 million martadan ziyod ko‘rilgan bo‘lib, raqamlar soat sayin o‘smoqda.
Loyiha doirasida ishga tushirilgan “Ibrat Academy” ilovasi orqali esa, darslar video tarzida yetkazilishi bilan birga til o‘rganuvchilarga o‘z darajasini doimiy tekshirib borish, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarish hamda so‘z boyligini interaktiv usulda oshirish imkonini bermoqda.
"Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk ma’rifatparvar olim Ishoqxon Ibrat nomini abadiylashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda", deydi loyiha rahbari Rustam Qoriyev.
“Ibrat farzandlari” loyihasini tatbiq etishda ham besh tilda bemalol so‘zlashgan va jadid yoshlariga bepul tahsil bergan Ibrat bobomiz o‘rnak qilib olindi. Buning uchun professional murabbiylar tomonidan 22 turdagi tizimli va alifbodan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqildi. Hozirda jamoatchilik fikr-mulohazalari hamda takliflari asosida ular yanada takomillashtirib borilmoqda. Xususan, “Ibrat farzandlari“ tarkibida ”Ibrat Camp“, ”Ibrat master class“, ”Ibrat quiz“ kabi loyihalar ham tashkil qilindi. Ular yoshlarimizni yanada bilimli, zukko va muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Xususan, “Ibrat Camp” loyihasida xorijiy tillarni mukammal o‘rgangan kuchli, bilimdon yoshlar bir nuqtada to‘planib, dunyoda TOP-100 talikka kirgan universitetlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritish “xaritasi”ga ega bo‘lmoqda. “Ibrat master class” til o‘rganuvchilarga ingliz tilida ravon so‘zlashish, IELTS imtihonida yuqori ballni qo‘lga kiritish, omma qarshisida nutq so‘zlash sirlaridan saboq bermoqda. “Ibrat quiz” esa, yoshlarni nafaqat bilimdon qilishga, balki ularning zukkoligi, intelektual topqirligini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, loyiha doirasida ingliz tilida yoshlarning tanqidiy fikrlashini kuchaytirishga qaratilgan debatlar tashkil etilmoqda.
“Ibrat farzandlari” taqdim etayotgan o‘quv majmualari, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan hamda moliyaviy imkoniyati cheklangan, lekin xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqmand o‘quvchilar uchun juda manfaatli bo‘lmoqda.
Loyiha doirasida yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekistonda birinchi o‘zbek tili grammatikasini onlayn o‘rgatish tizimi esa xorijliklarga har tomonlama qo‘l kelmoqda.
Foydalanuvchilar, shuningdek, til o‘rganib, yuqori marralarga erishgan yoshlar, chet eldagi nufuzli universitetlarni tamomlagan faollar bilan suhbat qurib, katta tajriba orttirmoqda. Bu boradagi ishlar 24/7 rejimida tashkil qilingan. Buning uchun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyidan alohida joy ajratilgan.
"Joriy yilning 18 noyabr kuni mazkur loyiha taqdimotida mingdan ortiq yoshlar hamda Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Hindiston kabi qator davlatlardan professorlar, til va madaniyat markazlari rahbarlarining bevosita ishtirok etgani ishimizga bo‘lgan ishonch va qiziqishdan dalolatdir", deydi Rustam Qoriyev.
Muxtasar qilib aytganda, “Ibrat farzandlari” loyihasi nafaqat kishilarga xorijiy tillarni o‘rgatish, balki netvorking orqali dunyo ilmlarini zabt etishga yordam bermoqda.
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi