Hyundai Rossiyadagi zavodini Qozog‘iston kompaniyasiga sotib, mamlakat bozorini tark etmoqchi
Olam
−
28 aprel 2023
6484Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Hyundai avtomobil brendi Rossiyadagi zavodini Qozog‘iston kompaniyasiga sotib, mamlakat bozorini tark etmoqchi. Kompaniya muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlagan, biroq hozircha hech qanday aniq qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hyundai kelishuv amalga oshgan taqdirda zavodni kelajakda qayta sotib olish huquqini saqlab qolishni xohlamoqda. Kompaniya bitim Rossiya hukumati tomonidan tasdiqlanishini kutyapti.
Zavodni Qozog‘istonning aynan qaysi kompaniyasi sotib olayotganiga aniqlik kiritilmagan. Lekin taxminlarga ko‘ra, bu kompaniya Astana Motors bo‘lishi mumkin. Dastlab zavodni Rossiyaning o‘ziga sotish varianti ham ko‘rib chiqilgan, ammo uchinchi davlat bilan bitim tuzish ishonchliroq deb baholangan. Janubiy Koreyaning MBC telekanali ma’lumot berishicha, Qozog‘iston kompaniyasi Rossiya bozoriga kirib, zavod xodimlarini ish bilan ta’minlashga rozi bo‘lgan. Kelishuv qiymati esa oshkor qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Hyundai Rossiyadagi faoliyatini dunyoning bir qancha boshqa mashhur brendlari qatorida Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng, 2022 yilning mart oyida to‘xtatgandi. Zavod Sankt-Peterburg shahrida joylashgan bo‘lib, unda 2600 nafar xodim ishlagan. Yopilguniga qadar zavodda yiliga 200 ming avtomobil ishlab chiqarilgan.
Avvalroq kompaniya Rossiyadagi biznesi uchun turli variantlarni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan.
Hyundai o‘zi egalik qiladigan Kia bilan birgalikda dunyoning eng yirik o‘nta avtomobil ishlab chiqaruvchisi qatoriga kiradi. Rossiyadagi zavod kompaniyaning global ishlab chiqarishi hajmining qariyb 4 foizini tashkil qiladi. Hyundai, Kia va Renault Rossiya bozorida eng ko‘p avtomobil sotuvchi uchta brend hisoblanadi.
LiveBarchasi