HRW AQSH harakatidan xavotirda
Olam
−
06 iyul 2023
11204Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti AQSH hukumatini Ukraina Qurolli kuchlariga kassetali o‘q-dorilarni topshirishdan ogohlantirdi. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni tashkilot saytida xabar qilindi.
"AQSH hukumati kassetali o‘q-dorilarni Ukrainaga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish arafasida, buning uchun Prezident Jo Baydenning roziligi talab qilinadi. Ushbu qurollarning uzatilishi muqarrar ravishda tinch aholining uzoq davom etadigan azob-uqubatlariga olib keladi", deyiladi tashkilot bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar shu haftada Kiyevga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. Shu yilning 22 iyundayoq Pentagon rahbarining Rossiya, Ukraina va Yevrosiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Laura Kuper kassetali o‘q-dorilar jang maydonidagi vaziyatga ta’sir qilishi va Ukraina Qurolli Kuchlari uchun jangda foydali bo‘lishini aytgan.
Ma’lumot uchun, kassetali o‘q-dorilar turli maqsadlar uchun (tankga, piyodalarga va boshqalarga qarshi) ko‘p miqdorda portlovchi o‘q-dorilar bilan yuklangan zaryadlar bo‘lib, ular bombalar, artilleriya snaryadlari va raketa kallaklari ko‘rinishida ko‘plab mamlakatlar armiyalarida ishlatiladi. 2010 yil 1 avgustda kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgan, uni 123 davlat imzolagan, shulardan 110 tasi ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya bilan davlatlar hech qachon, hech qanday sharoitda bunday o‘q-dorilarni ishlab chiqarmaslik, foydalanmaslik va hech kimga bermaslikka va’da bergan. Yevropa qitasidagi davlatlardan Armaniston, Belarus, Gretsiya, Gruziya, Latviya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Ukraina, Finlyandiya va Estoniya konvensiyani imzolamagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya “Sovuq urush” davridagi kassetali o‘q-dorilarni Ukrainaga 2022 yilning noyabr oyidan yetkazib berishni boshlagani aytilgandi.
LiveBarchasi