Gvardiola APLda oy murabbiyi deb topildi
Sport
−
08 may 615 2 daqiqa
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Premer-ligasida aprel oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Bu haqda liganing rasmiy saytida xabar berildi.
Ispaniyalik mutaxassis boshqaruvidagi “Manchester Siti” aprel oyida o‘tkazgan uchta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. Jumladan, jamoa chempionlik uchun asosiy raqobatchisi bo‘lgan “Arsenal”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, “Chelsi” 3:0, “Byornli” esa 1:0 hisobida taslim etildi.
Pep Gvardiola ushbu mukofotni joriy mavsumda ikkinchi, faoliyati davomida esa 13-marta qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha undan faqat Arsen Venger (15 marta) va Aleks Fergyuson (27 marta) oldinda turibdi.
“Shaharliklar” ustozi ushbu mukofotni qo‘lga kiritishda Nunu Eshpiritu Santu (“Vest Xem”), Daniyel Farke (“Lids”), Fabian Xyurseler (“Brayton”), Andoni Iraola (“Bornmut”), Vitor Pereyra (“Nottingem Forest”), Arne Slot (“Liverpul”) larni ortda qoldirdi.
Shuningdek, “Nottingem Forest” sardori Morgan Gibbs-Uayt aprel oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Yarim himoyachi oy davomida uchta o‘yinda to‘rtta gol urib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
U “Byornli”ga qarshi 4:1 hisobidagi o‘yinda xet-trik qayd etdi. Bundan tashqari, “Sanderlend” ustidan 5:0 hisobida qozonilgan g‘alabada ham bir gol va bir assist muallifiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, Pep Gvardiola joriy yilning fevral oyida ham Angliya Premer-ligasida oyining eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.