Gvardiola Husanovning debyuti haqida fikr bildirdi
Sport
−
26 yanvar
19552Angliyaning “Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Premer ligasining 2024/2025 yilgi mavsumi 23-turidan o‘rin olgan Londonning “Chelsi” jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng, “shaharliklar”ning yangi futbolchisi, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni qo‘llab-quvvatladi.
“U ingliz tilini bilmaydi, shuning uchun biz u bilan yaxshi muloqot qila olmadik. Unda hammasi yaxshi bo‘ladi. U faqat bir yoki ikkita mashg‘ulot o‘tkazdi. Men Chempionlar ligasidagi muhim o‘yini uchun (29 yanvar kuni “Bryugge”ga qarshi o‘yin) Jon Stounzni jarohatidan so‘ng o‘yinga qaytishga majburlashni xohlamagandim. Futbolchilarning birdamligi juda muhim. Har kim xato qilishi mumkin. Muxlislar har doim yangi kelganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. U hali juda yosh. U o‘rganadi”, degan murabbiy.
Angliya Premer ligasi 23-turi doirasida “Manchester Siti” “Chelsi”ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 2-daqiqasidayoq Abduqodir Husanovning xatosidan keyin londonliklar futbolchisi Madueke hisobni ochdi. So‘ng Abduqodir 4-daqiqada Palmerga nisbatan qoida buzib, sariq kartochka bilan jazolandi. Goldan keyin Husanov muxlislar olqishi va jamoadoshlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘ziga keldi va Jekson tepgan to‘pni qaytarib, klubini yaqqol goldan qutqardi.
42-daqiqada Yoshko Gvardiol hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taym boshida, ya’ni 52-daqiqada murabbiy Gvardiola tomonidan Husanov Stounz bilan almashtirildi. 68-daqiqada Edersonning uzatmasidan so‘ng Xoland maydon egalarini hisobda oldinga olib chiqdi. 86-daqiqada Foden ham o‘z ismini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa “shaharliklar” “aristokratlar”ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Chelsi” esa 6-o‘ringa tushib ketdi.
LiveBarchasi