G‘uzorda fermer norozilik sifatida chorva mollarini bank binosi oldiga haydab bordi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda chorasiz chorvador mollarini bank filiali binosi oldiga haydab borgani haqida xabarlar va videomurojaat tarqaldi. Unda G‘uzor tumanidagi “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi raisi Xamza Toshtemirov chorva fermer xo‘jaligida yer maydoni mavjud emasligi va ozuqa mahsulotlari yetishmovchiligi haqida murojaat qilgan.

G‘uzor tumani hokimligi mazkur holatga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan 2020 yil 28 may kuni AT “Xalq banki” G‘uzor filialidan ajratilgan 1 mlrd. 877 mln. so‘m miqdordagi kredit mablag‘i asosida Germaniya davlatidan 67 bosh zotli (Aberdin Angus) qoramollari olib kelingan.

Bank kreditini ajratilishida bank tomonidan fermer xo‘jaligida ushbu chorva mollariga ozuqa mahsulotlari yetishtirish uchun yer maydonlari yetarli ekanligi e’tiborga olingan.

Qayd etish kerakki, “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligiga 67,7 gektar, shundan 42,7 gektar sug‘oriladigan va 25 gektar lalmi yer maydonlari qonunda belgilangan tartibda tuman hokimi qarori va auksion bayonnomalar orqali ajratib berilgan.

Xususan, G‘uzor tumani hokimining 2017 yil 6 fevraldagi X-236/02-sonli qaroriga asosan “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligiga M.Raxmonov hududidagi tuman zaxira yer fondidan jami 37 gektar, shundan 11,8 gektar sug‘oriladigan yer va 25 gektar lalmi yer maydoni ajratib berilgan.

Shuningdek, joriy yilning 18 mart kuni “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi Jonbuloq hududidan “E-auksion” tizimi orqali 30,9 gektar sug‘oriladigan yer maydonini yutib olgan.

Hokimlikning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 46-1-moddasi 1-qismi 3-bandida chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashganlarga ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun (shartli bir bosh qoramol uchun) sug‘oriladigan yerlardan – kamida 0,3 gektar va lalmikor yerlardan – kamida 1 gektar o‘lchamda ajratilishi nazarda tutilgan.

Ushbu qonun normalariga ko‘ra, “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan keltirilgan 67 bosh chorva mollari uchun jami 18 gektar yer maydoni talab etiladi. (Fermer xo‘jalikka 24,7 gektar sug‘oriladigan va 10 gektar lalmi yer maydoni me’yordan ortiq ajratib berilgan.)

“Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi raisi X.Toshtemirov tomonidan tumandagi M.Rahmonov xududidagi 189q, 191 va 339-sonli konturlardagi jami 43,1 gektar sug‘oriladigan yer maydonlaridan uzoq vaqt hujjatsiz foydalanib kelinmoqda.

Mazkur yer maydonini fermer xo‘jalikka ajratib berish haqidagi og‘zaki murojaatiga javoban X.Toshtemirovga qonun talablari tushuntirilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.06.2021 yildagi PF-6243-sonli qarori asosida mahalliy hokimliklardan yer berish vakolati olinganligi bois, X.Toshtemirovga foydalanib kelayotgan ushbu yer maydonlarini auksion savdolari orqali olish tartibi tushuntirilgan”, deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

O‘z navbatida, viloyat hokimining joriy yil 5 avgustdagi 647-4-0-Q/22-sonli qarori asosida yuqorida nazarda tutilgan jami 43,1 gektar sug‘oriladigan yer maydoni auksion savdosiga chiqarish uchun zaxiraga olingan.

Ushbu yer maydonini ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tuman hokimligining joriy yil 13 avgustdagi 1-06/312-sonli xati "Qashvilerloyiha" institutiga yuborilgan va auksionga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, mahalliy hokimlik tomonidan chorvachilik fermer xo‘jaligi homiylik mablag‘lari hisobidan ham doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.

Xususan, "G‘uzor quduq chorva" fermer xo‘jaligi yer maydonlarida kafolatli suv bilan ta’minlash maqsadida homiylik mablag‘lari asosida tekinga artezian qudug‘i qazib berilgan.

Shuningdek, X.Toshtemirov tomonidan hokimlik yordami bilan olib berilgan tumandagi Jonbuloq hududidagi zaxira yer maydonlarida 18 gektar yer maydonida beda (g‘alla aralashtirib) hamda Bo‘ston hududidagi "To‘raxonov Abdulxaq" fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan 5 gektar yer maydonida tariq ekilib, yig‘ishtirib olingan. Kombayn bilan o‘rish xizmatlari homiylar yordamida tekinga xizmat ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ozuqa mahsulotlari masalasida amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatiga asosan bepul beda, tabiiy hashak va makkajo‘xori ozuqa mahsulotlari uning xonadoniga yetkazib berilgan.

Joriy yilning 3 oktyabr kuni fuqaro X.Toshtemirov jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan o‘ziga tegishli chorva mollarini bank xovlisiga olib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rilib, sudning shu kundagi qaroriga asosan huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

“Fermer xo‘jaligi raisi X.Toshtemirov bugungi kunda tijorat banklaridan kredit to‘lovlarini to‘lash muddatini uzaytirishni va kredit uchun foiz to‘lovlarini hisoblanishini to‘xtatishni talab qilayotgan bo‘lib, uning mazkur talablarining qonuniyligi va uni ijobiy hal etish masalasi vakolatli banklar tomonidan o‘rganilmoqda”, deyiladi munosabat yakunida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing