“Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” Erdo‘g‘an Cho‘lpondan she’r o‘qidi (video)

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 15 dekabr kuni “Adolat va taraqqiyot” partiyasi Kongress markazida o‘tkazilgan “AK Partiya Turk Дунё­си Vizyon Hujjati Taqdimot Dasturi”da ishtirok etib, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston” she’ridan o‘qib berdi. Jarayon “Haber Global”da efirga uzatilgan.

UNESKO tomonidan e’lon qilingan 15 dekabr – Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni sifatida ilk bor BMT darajasida nishonlanayotganini ta’kidlagan Prezident  turk dunyosining va yer yuzining turli burchaklarida bir xil tilda gaplashadigan, bir xil orzuni orzu qiladigan, qalblari birga urib turgan insonlarni ushbu sana bilan qutlagan.

Turkiya yetakchisi bosqin va zulm chidab bo‘lmas darajaga yetgan 1930-yillarda O‘zbekistonning mard farzandi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon keyinchalik o‘qqa tutilib, hayoti bilan badal to‘lashiga sabab bo‘lgan she’rini tadbir ishtirokchilariga o‘qib bergan.

Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi? 
Sahar vaqtida gullaring so‘ldi. 
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo‘lmasmi dil shod? 
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog‘chalaringda?

Erdo‘g‘an so‘zini davom ettirar ekan, so‘nggi ikki asr nafaqat Turkiya, balki butun turk dunyosi uchun ham qiyinchiliklar, azob-uqubatlar, mashaqqatlar va bosqinlar bilan o‘tganini eslagan.

Ta’kidlash joizki, Rajab Toyib Erdo‘g‘an chiqishlarida she’r o‘qishni hush ko‘radigan yetakchilardan. U 2018 yilda O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari bilan uchrashuvni O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasining turkcha tarjimasini aytish bilan boshlab, deputat va senatorlarning olqishiga sabab bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Go'zal Turkiston Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing