Guterrish Rossiyaga muhim masalada iltimos bilan chiqdi
Olam
−
19 may 2022
16033BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyani Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz eksport qilinishini ta’minlashga chaqirdi. Bu haqda BMT Matbuot xizmati xabar berdi, deya yozmoqda “Anadolu” agentligi.
“Ukrainadan, shuningdek, Rossiya va Belarusdan oziq-ovqat va o‘g‘itlar yetkazib berishni tiklamasdan turib, biz oziq-ovqat inqirozini samarali yengib chiqa olmaymiz”, deydi Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan yetkazib berishning muqobil imkoniyatlarini ham garchi bu chora o‘z-o‘zidan barcha muammolarni hal qila olmasa-da, o‘rganish kerak.
Antonio Guterrishning ogohlantirishicha, pandemiya va u bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy o‘zgarishlar, iqlim o‘zgarishi, daromadlarning kamayishi va tengsizlik, endi esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli insoniyat haqiqatan ham qiyin ahvolda qolmoqda.
Rossiya va Ukraina bug‘doyga bo‘lgan jahon talabining uchdan bir qismini va o‘simlik moyi yetkazib berishning yarmini ta’minlaydi. Ayniqsa, oziq-ovqat narxining oshishi qashshoq mamlakatlarni qiyin ahvolga tushirib qo‘ymoqda.
“Men bu masalani Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, bir qator muhim davlatlar bilan qizg‘in muhokama qilyapman. Umid bor, lekin hali oldinda uzoq yo‘l bor”, deydi BMT rahbari AQSH tomonidan tashkil etilgan va oziq-ovqat inqiroziga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilariga murojaat qilib.
Shuningdek, uchrashuvda dunyoning qator mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, jumladan, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham qatnashdi.
Ukraina donni boshqa transport turlari bilan eksport qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda butunukraina agrar kengashi rahbari o‘rinbosari Denis Marchuk BMT Matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Urushdan oldingi davrda eksportning 90 foizi o‘tgan Qora dengiz portlari urushning birinchi kunlaridan boshlab to‘sib qo‘yilgan. Tabiiyki, uning o‘rniga o‘rinbosar topish juda qiyin. Bugun biz yangi yo‘nalishlar (temir yo‘llar, avtotransport vositalari orqali Yevropaga, daryo portlari) ustida ishlamoqdamiz. Albatta, buni to‘liq muqobil deb atash mumkin emas, lekin biz hozir shunday sharoitda ishlashga majburmiz. Bu qiyin, lekin imkoniyat bor. Mart oyida shu tarzda 200 ming tonnaga yaqin, aprel oyida esa million tonnadan ortiq don eksport qildik”, deydi Denis Marchuk.
Ukrainada yangi g‘alla hosili bir yarim oy ichida yig‘ib olinadi. Ammo bu vaqtga kelib, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda don zaxiralari deyarli tugashi mumkin va Ukraina Qora dengiz portlari Rossiya harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yilganda, ularni tezda to‘ldirishi imkonsiz bo‘ladi.
“Non, makaron, go‘sht (cho‘chqa go‘shti va mol go‘shti), sut, sariyog‘, tuxum, bir so‘z bilan aytganda, don ekinlaridan foydalanishni o‘z ichiga olgan barcha mahsulotlar qimmatlashadi", deydi Denis Marchuk.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Ukrainada sotilishi mumkin bo‘lgan 20 million tonnadan ortiq g‘alla qolgan.
“Umid qilamizki, BMT yuk tashish yo‘llarini blokdan chiqarishga erishish usullarini topadi. Ehtimol, Rossiyadan oziq-ovqatga muhtoj mamlakatlar yo‘nalishi bo‘yicha yuk kemalariga hamrohlik qiladigan gumanitar karvonlarni ishga tushirish mumkin. Ijtimoiy g‘alayonlar zamirida doimo ochlik yotadi. Agar hozir hech qanday chora ko‘rilmasa, dunyo migratsiyaning navbatdagi yangi to‘lqiniga duch kelishi mumkin, odamlar farovonroq mamlakatlardan himoya, moliyaviy kafolatlar izlaydilar”, deydi Denis Marchuk.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi