Guterrish koronavirusdan o‘lishning eng ayanchli tomonini aytdi
Olam
−
29 Sentabr 2020
16387Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirus pandemiyasi qurbonlari soni 1 milliondan oshib ketgani dahshatli ekanini aytdi. U insoniyatni o‘z xatolaridan saboq olishga chaqirdi.
"Dunyo dahshatli marraga yetdi: COVID-19 pandemiyasi million kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu aqlga sig‘maydigan raqam. O‘layotganlar kimningdir onasi, otasi, aka-ukasi, opa-singlisi, do‘sti, hamkasbi", dedi u 28 sentyabr kungi videomurojaatida.
Bosh kotib pandemiyaning o‘ziga xos shafqatsizligi joni uzilayotgan odamning oldida yaqinlari bo‘la olmasligida ekanligini aytdi.
"Qanday qilib odamni qo‘lidan ushlamasdan, o‘pmasdan, quchoqlamasdan, yaxshi ko‘rishini aytmasdan xayrlashish mumkin?
Biz bu qiyinchilikni yenga olamiz. Lekin xatolarimizdan saboq olishimiz kerak. Mas’uliyatli bo‘lish muhim. Ilm-fan muhim. Hamkorlik muhim. Dezinformatsiya o‘ldiradi", dedi Guterrish.
U barchani masofa saqlashga, niqob taqishga, qo‘llarini yuvishga va "odamlarning hayotini saqlab qolish uchun o‘z hissalarini qo‘shishga" chaqirdi.
Ma’lumot uchun, kecha 28 sentyabr kuni COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri dunyoda koronavirus asoratlari bilan vafot etganlar soni 1 milliondan oshib ketgani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi