Gulnora Karimovaning Britaniyadagi mol-mulki ro‘yxati e’lon qilindi
Olam
−
28 yanvar 2020
21745Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan mulklar ro‘yxatiga Surreydagi uy va Londonning nufuzli maydonlarida umumiy qiymati 40 million funt (52 million dollar) bo‘lgan ikkita kvartira kiritilgan. Bu haqda “The Daily Mail” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Karimovaning obektlarini Birlashgan Qirollik rasmiylari o‘z foydasiga olishga harakat qilmoqda.
Qayd etilishicha, Surreyda Karimova 2010 yilda 18 million funtga (23,5 million dollar) Gorse Hill Manor mulkini sotib olgan. Bugungi kunda ushbu inshoot 30 million funt sterling (39 million dollar) turadi.
Qasr 1912 yilda qurilgan, uning hududida qayiqda sayr qilish uchun ko‘l va 70 ming kvadrat metr maydonga ega bog‘lar joylashgan. “O‘zbek malika” saroyi yonida nufuzli boylarning koshonalari, xususan Bruney sultonining mulki joylashgan.
Buyuk Britaniya poytaxtida Karimovaning ikkita uyi bor. Ularning biri Mayfair tumanida 8 million (10,4 million dollar) va Belgraviya viloyatida 2 million funt (2,6 million dollar)ga sotib olingan.
2018 yilning oktyabrida Britaniyaning katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Gulnora Karimovaning korrupsion faoliyatidan topilgan pullar evaziga xarid qilingan uchta ob’ektni xatlash yuzasidan da’voni ilgari surgan edi. Biroq o‘shanda aynan qaysi ob’ektlar nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.
O‘tgan yili Fransiya rasmiylari Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sent-Trope hududidagi villa va Parij chetidagi qasrni otib pulini O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgandi.
Parijdagi kvartira allaqachon 14 million yevroga “kim oshdi” savdosiga qo‘yilgani ma’lum, bu xarid narxidan ikki baravar past.
Shvetsariya prokuraturasi o‘zbekistonlik “ishbilarmon ayol”ning mamlakat banklaridagi hisoblarida muzlatilgan mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarishga tayyor. Biroq aktivlar ma’lum shartlar bilan O‘zbekistonga topshiriladi. Rasmiy Toshkent pullarning qaytarilish jarayonining shaffof bo‘lishini, pullar aholi farovonligi hamda mamlakat rivojlanishi uchun ishlatilishini ta’minlashga kafolat berishi kerak.
2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovga qarshi ikkinchi jinoiy ishni qo‘zg‘atgan. Buyuk Britaniyada Karimovaning 4,2 million funt (5,5 million dollar) miqdoridagi naqd puli, shuningdek, umumiy qiymati 22,9 million funt (30 million dollar) bo‘lgan uylar, kvartiralari va villalari borligi aniqlangan. OAVdagi Britaniya aktivlari orasida faqat “Londonning Chesham ko‘chasidagi to‘rt qavatli binoning” nomi tilga olingan.
Ikki yil oldin, O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va o‘g‘rilik bo‘yicha ikkita jinoiy ish ochilgan edi. Ushbu ikki holatda davlat va fuqarolarning manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy hajmi 1 trillion 270 milliard 200 million so‘m, 1 milliard 651,8 million AQSH dollari, 26,1 million yevro ekani aytilgan.
2015 yilda Karimova besh yilga, 2017 yilda 10 yilga qamalgan. 2018 yilda ikkinchi holatda qamoq muddati besh yil ozodlikni cheklash bilan almashtirildi.
2019 yil boshida Karimova Zangiota ayollar koloniyasiga “jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi” uchun ko‘chirildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Karimova reydlar bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblanib, yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida yetkazilgan zarar 165 million dollar va 85 milliard so‘mdan (qariyb 9 million dollar) tashkil etdi.
LiveBarchasi