Gulnora Karimova oshxonada sud qilinganmi? O‘zbekiston hukumati bayonot berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, BMT Inson huquqlari kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti marhum Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2014 yilda hech qanday ordersiz va tushuntirishlarsiz, o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan deb hisoblayotgani xabar qilingandi. Bunga javoban O‘zbekiston Respublikasi hukumatining rasmiy bayonoti e’lon qilindi.

O‘zbekiston hukumati Ishchi guruhning fikri manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama sub’ektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilgani, hukumatning bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli e’tiborga olinmaganidan tashvish bildirgan. 

“Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur bo‘lgan xolislik va beg‘arazlik prinsiplariga putur yetkazadi”, deyiladi hukumat bayonotida.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘zaro hurmat, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va ikki yoqlama standartlarga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslangan muloqot va xalqaro hamkorlik uchun hamisha ochiq ekani qayd etilgan.

“Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qo‘zg‘atilgan hamda ko‘rib chiqilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Bildirilishicha, Karimovaning himoyaga bo‘lgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlangan. Gulnora Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.

“Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaning 2014 yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, “oshxonadagi sud” va boshqa shu kabi da’volar asossiz ekanini bildirgan. Bildirilishicha, barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

“O‘zbekiston Respublikasi hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini to‘liq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan bo‘lib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqei yoki qarashlariga daxl qilmagan”, deyiladi hukumat bayonotida.

Shu nuqtai nazardan, 2022 yilda Shveysariya Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi bitim doirasida Gulnora Karimova ilgari jinoiy yo‘l bilan orttirgan va qaytarilgan moliyaviy mablag‘lardan O‘zbekiston hukumatining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun foydalanish maqsadida “Vision 2030” jamg‘armasi tashkil etilgani ta’kidlangan. Jamg‘arma boshqaruvi BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlaydi.

Hukumat xalqaro tuzilmalarda o‘z obro‘sini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, joriy yil boshiga qadar Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-son ayollar uchun ixtisoslashtirilgan koloniyada saqlangan edi. QALAMPIR.UZ'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida Karimova Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyaga o‘tkazilgan. 

Unga qo‘yilgan ayblovlarga nazar tashlasak, Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bosh prokuraturaning 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangani aytiladi. 

O‘sha vaqtda prokuratura Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblanganini aytgan. Yuqorida aytganimizdek, Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.

Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.

Keyinchalik, Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangani aytildi va u Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasiga joylashtirilgan.

Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova O'zbekiston BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing