Googoosha kimga qancha sarflagan?
Tahlil
−
08 mart 2023
408592005 – 2013 yillar. Bir qarashda ushbu davrda O‘zbekiston madaniyati, san’ati va sportida dunyoda ko‘zga ko‘ringan mamlakat bo‘lish uchun ildamlik bilan harakat qilayotgandi. O‘zbekistonga jahon futbol yulduzlarining tashrifi va ularning o‘zbek klublarida faoliyat yuritgani haqida so‘z yuritgandik. Bugun esa o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining to‘ng‘ich qizi, 2010 yil yanvaridan 2012 yil iyuligacha O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi, faylasuf, siyosatchi, iqtisodchi, liboslar va zargarlik buyumlari dizayneri, Guli attorlik mollari muallifi, ko‘plab bolalar va yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan ishlashga qaratilgan loyihalari metsenati va qo‘shiqchi sifatida mashhur bo‘lgan, alal-oqibatda esa qamoqda saqlanayotgan sobiq O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasining vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova davrida O‘zbekistonga kelgan jahon san’ati namoyondalari, mashhur xonanda, aktyor va aktrisalar, madaniyat va san’at arboblari haqida so‘z ochmoqchimiz.
Xo‘sh, ular nega O‘zbekistonga kelgan? Karimova va jahon yulduzlarini bog‘lab turuvchi qanday jihatlar bo‘lgan? Mashhurlarning yurtimizga tashrifi qanchaga tushgan? Ushbu videomizda yuqoridagi savollarga imkon qadar javob izlaymiz.
Jerar Deparde
Fransiyalik mashhur aktyor dunyoning eng sermahsul ijodkorlaridan biri, u 200 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. Uning rollari diapazoni juda katta: Gollivud blokbasterlari va mashhur kinofestivallar durdonalaridan tortib, past byudjetli komediyalar va teleseriallargacha. Deparde ma’lum bir aktyorlik uslubiga ega emas va u suratga olingan lentaning sifati yoki uning janriga ahamiyat bermaydigan aktyor.
Jerar Deparde O‘zbekistonga juda ko‘p tashrif buyurgan. Uning O‘zbekistonga birinchi tashrifi 2012 yilning noyabr oyida bo‘lgan. O‘shanda taniqli aktyor Toshkent, Buxoro va Samarqandga borgan. Tashrif davomida Deparde Gulnora Karimova bilan ovoz yozish studiyasida ishlagan, u yerda fransuz aktyori Karimova qalamiga mansub she’rlarni o‘qib bergan va albatta Gulnora Karimova Jerar Deparde bilan duet kuylagan. Ularning “Nebo molchit” qo‘shig‘i o‘sha vaqtda anchagina mashhur bo‘lgan.
Sting
Britaniyalik afsonaviy rok xonandasi Sting ham O‘zbekistonga kelgan. U 2009 yil oktyabr oyida Toshkentda konsert bergan va konsertga kirish chiptalarinig narxi 1400 funt sterlinggacha yetgan, bu o‘sha paytda O‘zbekistondagi o‘rtacha maoshdan deyarli 45 barobar ko‘p edi. Sting Art-Week Style.Uz-2009 loyihasi doirasidagi konsert uchun 2 million funt sterling (3 million dollardan ortiq) gonorar olgan.
Konsert Britaniya OAVlari ta’kidlaganidek, o‘sha paytdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qizi Gulnora Karimova boshchiligidagi O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan. Britaniya tomoni Stingning Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi tomonidan uyushtirilgan tadbirlarda ishtirok etishini ikkiyuzlamachilik deb hisoblagandi, chunki qo‘shiqchi 30 yil davomida inson huquqlari tashkilotining hamkori bo‘lgan, o‘sha davridagi O‘zbekistonga esa avtoritar mamlakat sifatida qaralgan.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey o‘sha vaqtda Sting haqida quyidagi fikrlarni bildirgandi.
“Sting ikkiyuzlamachiga o‘xshaydi. U O‘zbekistonda qanday rejim hukmron ekanligini bilmasa, demak aql bovar qilmaydigan darajada ahmoq”, degan edi sobiq elchi.
Sting ro‘y berayotgan holatga nisbatan darhol o‘z javobini e’lon qilgandi. U Toshkentdagi konsert UNICEF tomonidan o‘tkazilayotganiga ishonchi komil ekanligini aytgan.
“Men O‘zbekiston rahbarining inson huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi salbiy ishlarini yaxshi bilaman. Ammo shunga qaramay, men O‘zbekistonda konsert berishga qaror qildim”, degan rok qo‘shiqchisi.
Afsonaviy qo‘shiqchining so‘zlariga ko‘ra, “madaniy tadbirlarga boykot e’lon qilish shunchaki, mantiqsizlik”, chunki bu holat davlatning yakkalanishiga olib keladi va uni yanada yopiq mamlakatga aylantiradi.
O‘sha vaqtda ko‘pgina mashur siyosiy tahlilchilar nazarida G‘arb yulduzlari O‘zbekistonga diktaturani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida taklif qilingan.
Xulio Iglesias va Monserrat Kabale
“Dunyoning turli tillarida eng ko‘p albom sotgan musiqachi” sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan afsonaviy ispaniyalik qo‘shiqchi Xulio Iglesias ham O‘zbekistonga kelgan. U musiqaga doir deyarli barcha eng nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Uning o‘g‘li Enrike Iglesias ham yoshlar orasida juda taniqli va ijodiy ishlari sevib eshitiladigan qo‘shiqchi hisoblanadi.
2008 yilning 12 oktyabr kuni Toshkentda Karimova rahbarlik qiladigan O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi, “Stile Home” va “Osiyo Ramzi” modelerlar uyushmasi tomonidan uchinchi marotaba Style.Uz dizayn va moda haftaligi o‘tkazilgandi.
Moda haftaligida jahonga mashhur dizaynerlar, mashhur zargarlik buyumlari va moda brendlari egalari, moda sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar va telekanal vakillari, shou-biznes yulduzlari, moda jurnallari muharrirlari, turli mamlakatlardan jamoat arboblari ishtirok etgandi.
Haftalik tadbirlarida Avstriya, Germaniya, Isroil, Hindiston, Italiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Fransiya, Shvetsariya va Yaponiya kabi davlatlar vakillari qatnashgan.
Style.Uz milliy va zamonaviy modani, shuningdek, O‘zbekistonda moda sanoatini rivojlantirish, yosh dizaynerlar va matolar, aksessuarlar va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq ijodkor sulolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha edi.
O‘sha yili Sisi Vasabi (Germaniya), Volford (Avstriya), DSQUARRED 2(Italiya), Revillon va Gi Laroche (Fransiya), shuningdek, rossiyalik dizaynerlar Alyona Ahmadullina va Julia Dalakian, yaponiyalik Surikabe, hindistonlik Sunit Varma, Pekin kiyim-kechak texnologiyalari instituti o‘z kolleksiyalarini Toshkentga olib keldi. Stye.Uz 2008 ko‘rgazmasining so‘nggi kuni 17 oktyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Sharq gavharida milliy liboslar festivali tashkil etildi. Shuningdek, o‘sha vaqtda modaga ixtisoslashgan dunyoga mashhur Fashion TV kanalining butun boshli jamoasi O‘zbekistonda faoliyat yuritgan, ya’ni O‘zbekiston Fashion TV'ning ikkinchi uyiga aylangandi desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Stye.Uz 2008 dizayn va moda haftaligida ispaniyalik xonanda Xulio Iglesiasning konserti tashkil etilgandi. Karimova Iglesias bilan mashhur “Besame Mucho” taronasini ham kuylagan. Shuningdek, haftalik doirasida Karimovaning “Guli” brendi o‘zining yangi zargarlik buyumlari kolleksiyasini taqdim etdi. Taqdimot tadbiriga ispaniyalik mashhur opera yulduz Monserrat Kabale ham kelib, qo‘shiq kuylagan.
Holid Ergench
2012 yilda taniqli turk aktyori Holid Ergench Art-Week Style.uz san’at haftaligining so‘nggi kunida Toshkentga keldi. Aktyor tomoshabinlarga “Muhtasham yuz yil" serialidagi Sulton Sulaymonning yorqin va xarizmatik roli bilan tanilgan.
Xolid Ergench 2012 yil 8 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Ichan-Qal’a” mehmonxonasida “Guli” brendining yangi kolleksiyasini taqdimotida ishtirok etgan.
Ayollar parfyumining yuzi Gulnora Karimovaning o‘zi bo‘lgan, parfyumning o‘ramida u yunoncha uslubdagi uzun sariq-oltin libosda tasvirlangan. Erkaklar uchun parfyumning yuzi esa Holid Ergench edi. Har ikki parfyumeriya ham Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘zbek modasi” haftaligida taqdim etildi.
Gulnora Karimova mashhur rossiyalik prodyuser Maksim Fadeyev bilan ham ijodiy hamkorlik qilgan. Hatto 2012 yilda Karimova Fadeyev prodyuserligida ingliz tilida albom yozgan. O‘sha vaqtda Karimova Fadeyevning ilhom manbaiga aylangan va Maksim Fadeyev Karimovaga bag‘ishlab “Googoosha” taronasini yaratgan.
Lara Fabian
2013 yilda fransiyalik qo‘shiqchi, “je t'aime” taronasi bilan mashhur bo‘lgan Lara Fabian ham Toshkentga kelishi ko‘zda tutilgan, lekin u san’at festivalida rejalashtirilgan chiqishini bekor qilgandi. Qo‘shiqchi O‘zbekistondagi “repressiv rejim”ni qoralagan fransuz huquq himoyachilarining noroziliklaridan keyin shunday qarorga kelgan.
Fabianning so‘zlariga ko‘ra, bungacha u taklif qilingan tadbirni Prezidentning qizi uyushtirganini bilmagan. Xonanda inson huquqlarini hurmat qilmaydigan hukumat vakili (yoki hukumatga yaqin shaxs) tomonidan uyushtiriladigan shouda qatnashishni istamasligini qayd etgandi.
Lara Fabianning konserti 27 oktyabrga belgilangandi. Uning chiqishi Gulnora Karimova tomonidan tashkil etilgan Art-Week Style.uz festivalining yopilishi doirasida bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Lara Fabianning Toshkentdagi konserti bekor qilingani munosabati bilan Art-Week Style.uz tashkilotchilari holat yuzasidan uzr so‘rab, Fabianning 27 oktyabrdagi konserti o‘rniga “Istiqlol” saroyida taniqli rossiyalik xonanda Valeriyaning konserti bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Lara Fabianning konsertiga sotib olingan chiptalar xonanda Valeriyaning 2013 yil 27 oktyabr kuni soat 20:30 da “Istiqlol” konsert zalida bo‘lib o‘tadigan konserti uchun amal qilishi aytildi.
Chiptalarni qaytarishni xohlovchilar esa konsert tugaganidan keyin 10 kalendar kunida “Ipak yo‘li” bankining bosh ofisiga murojaat qilib, chipta uchun to‘langan summani majburiy taqdim etish sharti bilan qaytarib olishlari mumkin edi.
Yuqorida nomlari keltirilgan san’atkor aslida Gulnora Karimovaning o‘g‘li kichik Islom Karimovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Toshkentga olib kelingani bog‘liq xabarlar ham yuradi.
O‘zbekiston aholisi Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Rod Styuart, Xulio Iglesias, Monserrat Kabale, Frederik Difental ,Ivan Dorn, Mark Dakaskos, Timati, Gradus va Grigoriy Leps kabi sport va shou-biznes yulduzlari Toshkentga kelganini va ularning O‘zbekistonga kelishi uchun katta gonorar to‘langanini yaxshi eslaydi.
Ko‘pchilik bilar yoki bilmas Gulnora Karimovaning singlisi, Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova 2009 yilning aprel oyida taniqli aktrisa Monika Belluchchiga to‘rt soatlik muloqot va kechki ovqat uchun 190 ming yevro to‘lagan. Shuningdek, Karimova davrida unga tegishli bo‘lgan TVM, SofTS, NTT va Forum TV kabi telekanallar, “A’lo FM”, “Zamin” kabi radiolarda bir qator musiqiy, madaniy-ma’rifiy dasturlar yo‘lga qo‘yilgandi. Fond Forum homiyligida qator loyihalar amalga oshirilgan. Ularning eng mashhurlari sirasiga “Yangi avlod” bolalar musiqa va san’at festivali, “Kelajak ovozi” yoshlar tanlovi, M&TVA musiqiy ijrochilar va televizion dasturlar tanlovi, “Asrlar sadosi” va “BazarArt” madaniyat festivallari, Style.UZ va “Yil ayoli” tadbirlari, shuningdek, ko‘krak saratoniga chalingan ayollarga xayriya maqsadida tashkil etilgan “Hayot uchun” marafoni juda mashhur edi.
Gulnora Karimova. 2005 yildan 2013 yilgacha O‘zbekistonda eng ko‘p tilga olingan, OAVda eng ko‘p aytilgan nom bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2013 yilning oktyabr-noyabr oylarini OAV, Gulnora Karimovaning loyihalarida muntazam ishtirok etib kelgan jamoatchilik vakillari, yoshlar yaxshi eslaydilar.
Har yil yakunida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan loyihalarga katta tayyorgarlik ko‘rilayotgan, yil yakunidagi taqdimot marosimlariga barchaning e’tibori qaratilgan palla edi. Birdan Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan telekanallar faoliyati to‘xtatildi. O‘tkazilishi kerak bo‘lgan loyihalar bekor qilingani sukut orqali tan olindi. Oradan ko‘p o‘tmay Fond forum 10 yillik faoliyatini ayni shu nuqtada tugatishini rasman e’lon qildi.
Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi taxmin qilinadigan shirkatlar ustidan tergov jarayonlari boshlandi.
2017 yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova jinoiy ishi yuzasidan to‘liq rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, 2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MCHJ, “Prime Media” MCHJ, “Gamma Promotion” MCHJ MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
2013 yilning ikkinchi yarmida Gulnora Karimova ijrosidagi “Yonimda bo‘ling” qo‘shig‘iga olingan klip qish oylarida, Karimovaning boshiga qora bulutlar yopirilganda taqdim etilgandi. Videoklip YouTube’dagi Gulnora Karimova nomiga ochilgan sahifaga 2014 yil 2 yanvar kuni joylashtirilgan.
Klipni tomosha qilib, Gulnora Karimova o‘z ishlari chappasiga ketishini bilganmi, degan savol xayoldan o‘tadi. Boisi Karimova navbatdagi klipida tarixiy obidalar oralab, poyonsiz sahro tomon yo‘l olgan ayol obrazida gavdalanadi. Xarir libosi esa shamolda hilpiraydi va matoda Gulnora uyushtirgan tadbirlar, u boshchilik qilgan loyihalarning suratlari aks etadi. Go‘yo u 10 yil davomida amalga oshirgan loyihalar uning o‘zi bilan ortidan ketayotgandek tasavvur uyg‘otishiga urg‘u berilgandek.
Xullas, Karimova davrida bo‘lib o‘tgan ishlar haqida soatlab fikr yuritish, faktlar keltirish mumkin. Mashhurlarning yurtimizga kelishi katta summalar evaziga amalga oshirilgan. Yulduzlarning ayrimlariga berilgan gonorarlar miqdori ochiqlangan, ba’zilarini tashkilotchilar OAVga ma’lum qilishni istamagan. Biz bu mavzuga yana qaytamiz. Voqealar rivojini Qalampir.uz’da kuzatib boring!
LiveBarchasi