GTL zavodi uchun keltirilayotgan uskunalar O‘zbekiston hududiga kirdi
Jamiyat
−
25 fevral 2019
8470Qashqadaryoda qurilayotgan, MDH mintaqasida birinchi bo‘lgan yuqori texnologiyalarga asoslangan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodiga keltirilayotgan vazni 350 va 550 tonna bo‘lgan ikkita yirik texnologik uskuna ayni vaqtda O‘zbekiston hududida harakatlanmoqda. U mart oyida zavodning qurilish maydonchasiga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hozir asosiy yirik o‘lchamli texnologik uskunalar turkumi Qoraqalpog‘istondan Qashqadaryo viloyatiga olib kelinyapti. Shu paytgacha bir necha mamlakat orqali Koreya Respublikasidan asosiy dengiz yo‘llari va logistik marshrutlar orqali O‘zbekistongacha bir necha ming kilometr yo‘l bosib o‘tildi.
Og‘irligi 550 tonna, uzunligi 39 metr va diametri 6,9 metrga teng hamda og‘irligi 350 tonna va uzunligi 25 metr bo‘lgan ushbu qurilmalar bunyod etilayotgan zavodning sintetik suyuqliklarni ishlab chiqarish sexida qo‘llaniladi. Bu qurilmalar yordamida hosil bo‘ladigan sintez (metan + kislorod) fizik-kimyoviy reaksiyalar va texnologik jarayonlar natijasida sintetik suyuq yoqilg‘iga, ya’ni yarim tayyor mahsulotga aylantiriladi. Undan esa yana bir necha jarayonlarni bosib o‘tib, asosiy neft mahsulotlari – dizel, kerosin va nafta olinadi.
Bugungi kunga kelib, GTL loyihasining amalga oshirilishi yakunlovchi bosqichda turibdi. Qurilish maydonchasiga 5 ming nafardan ortiq ishchi, quruvchi va muhandis safarbar etilgan. 500 dan ziyod qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.
O‘zbekistonda GTL zavodining qurilishi faol sur’atda davom etmoqda. Shartnomaning to‘liq yakunlanishi sharti bilan amalga oshirilishidagi umumiy siljish 71 foizdan oshdi.
Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning qurilish maydonchasida qurilish ishlari davom etmoqda va ularning 25 foizdan ko‘proq qismi bajarilgan.
O‘zbekistonda barpo etilayotgan GTL zavodi uchun dunyoning 24 mamlakatidagi 129 ta zavodda jami 11 mingdan ziyod texnologik uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonchasiga yuqori texnologik va yirik o‘lchamli uskunalar yetkazib berish amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 116 ta to‘plamdan ziyod yuqori texnologik uskunalar qurilish maydonchasiga yetkazilgan bo‘lib, u yerda ularni montaj qilish va o‘rnatish ishlari boshlangan. 153 ta to‘plam ishlab chiqaruvchi zavodlardan yuklab, qurilish maydonchasiga jo‘natilgan va ular O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Qayd etish joizki, GTL loyihasining amalga oshirilishi har yili 1,5 million tonnagacha bo‘lgan hajmda import qilinadigan neft-mahsulotlari o‘rnini bosish imkonini beradi. Sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning xom ashyo bazasi – Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi metani hisoblanib, uning hajmi yiliga 3,6 milliard kubometrni tashkil etadi.
Mazkur zavod har yili 1,5 million tonnadan ortiq yuqori sifatli, YeVRO 5 standartiga mos bo‘lgan sintetik suyuq yoqilg‘i, shu jumladan, 743,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 311 tonna avia kerosin, 431 ming tonnadan ortiq nafta, 50 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz ishlab chiqaradi.
LiveBarchasi