Gruziyada imperialistik kayfiyatdagi rossiyalik sayyohlarni quvib solishdi
Olam
−
31 iyul 2023
6795Joriy yilning 26 iyul kuni kechqurun Gruziyaning Batumi shahriga Palau bayrog‘i ostidagi Rossiyaning sayohat kemasi yetib keldi. Rossiyalik sayyohlarning OAVga bergan intervyusidan g‘azablangan mahalliy aholi ularga qarshi namoyish o‘tkazdi. Bu haqda “OC Media” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Astoria Grande kruiz layneri Rossiyaning Sochi shahridan yo‘lga chiqqan va Turkiyaning Trabzon shahri portiga kirgan. Shundan so‘ng Batumiga yetib kelgan. Shaharga kelgan 800 dan ortiq sayyohlarning ayrimlari bir nechta ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Rossiyaning imperialistik siyosatini, xususan, Abxaziyaning Gruziyadan ajratib yuborilishini yoqlab chiqqan.
Masalan, mahalliy “Formula” telekanali bir ayolga bergan “Sizlar oldin bizning hududimizni bosib olganingizni bilasizmi?” qabilidagi savoliga u “Yo‘q, bunday deb o‘ylamayman. Siz bizning ittifoqimiz tarkibidagi qandaydir respublikamiz edingiz. Ishg‘ol qilinmagansiz, birodarimiz bo‘lgansiz”, deya javob bergan.
Jurnalist undan SSSR davri haqida emas, balki Abxaziya va Janubiy Osetiya to‘g‘risida so‘rayotganini aytganida, rossiyalik sayyoh “Rossiya Abxaziyani sizdan ozod qildi. Ular bizdan yordam so‘rashdi, sizlar u yerga tanklar bilan borgansiz”, deb ta’kidlagan.
Shuningdek, ayol Rossiyaning Gruziyaga nisbatan siyosatini yoqlar ekan, Abxaziyaga borganida urush paytida vayron qilingan binolarni ko‘rganini va bu binolar aynan Gruziya tomonidan yo‘q qilinganini aytgan.
“Ularni siz yo‘q qildingiz. Rossiya Abxaziyaga sizdan qutulishga yordam berdi”, deb davom etgan u.
Ma’lumot uchun, Gruziya ishg‘ol to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, Abxaziyaga Rossiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yuqoridagi ayol esa Abxaziyaga borganini yashirib o‘tirmagan.
Sayyohlik kemasining yana bir yo‘lovchisi Rossiya bosqinchi davlat emasligi va u uchun hamma narsa Sovet Ittifoqi ekanini ta’kidlagan.
“Men istilo haqida hech narsa bilmayman, biz uchun hammasi Sovet Ittifoqi. Rossiya bosqinchi emas, biz Sovet Ittifoqimiz, birlashgan va kuchlimiz”, deb aytgan u.
Shuningdek, kema bortidagi bir erkak va ayol ularning bayonotlariga qarshi namoyish o‘tkazayotgan gruziyaliklarni masxara qilgani aks etgan tasvirlar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Shundan so‘ng, yuzlab mahalliy aholi kema atrofiga yig‘ilib, namoyish o‘tkazdi. Turli bannerlarni ko‘targan namoyishchilar “Rossiya – bosqinchi”, “Abxaziya – Gruziya”, “Rossiya kemasi yo‘qol”, “Yurtimizdan keting” kabi hayqiriqlar bilan chiqqan. Shuningdek, norozilik aksiyasi ishtirokchilari maxsus vositalar orqali Ukraina madhiyasini ham namoyish qilgan. Shunga o‘xshash norozilik chiqishlari mamlakat poytaxti Tbilisidagi parlament binosi oldida ham o‘tkazilgan. Oxir-oqibat namoyishdan bir soat o‘tib kema Batumidan jo‘nab ketishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joyiga ko‘p sonli politsiya xodimlari jalb qilingan. Namoyish paytida Gruziya huquq-tartibot idoralari xodimlari 9 kishini hibsga olgan.
Voqeaga hatto Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ham munosabat bildirgan. U o‘zining Twitter sahifasida gruziyaliklar Rossiyaning “so‘nggi provokatsiyasiga” qarshi tinch namoyish bilan javob berganidan faxrlanishini ta’kidlagan.
“Rossiya don kemalarini to‘sib qo‘ygan va Qora dengizda erkin navigatsiyaga to‘sqinlik qilayotgan bir paytda xalqimiz uning so‘nggi provokatsiyasi – Gruziyaning Batumi portiga kruiz layneri kelishiga qarshi tinch norozilik bildirganidan faxrlanaman. Qora dengiz xavfsizligi Gruziya, Ukraina va Yevropa Ittifoqi uchun muhim ahamiyatga ega”, deb yozgan u.
LiveBarchasi