Gruziya Prezidenti uch kundan beri sud qilinmoqda
Olam
−
05 Oktabr 2023
4958Bugun, 5-oktyabr kuni Gruziya Konstitutsiyaviy sudida Prezident Salome Zurabishviliga impichment e’lon qilish bo‘yicha uchinchi sud majlisi boshlandi. Uchrashuv mahalliy telekanallar tomonidan jonli efirda namoyish etilmoqda.
Dastlabki ikki sud majlisi 3- va 4-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan. Ulardagi pozitsiyalar “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasidan protsedura tashabbuskorlari va Prezident advokatlari tomonidan taqdim etilgan.
Hukmron partiya nuqtai nazaridan, Prezident hukumatning roziligisiz xorijga tashriflar qilib, konstitutsiyani buzgan. Zurabishvilining advokatlari esa konstitutsiyadagi Prezident xalqaro munosabatlarda mamlakatni himoya qiladi, degan moddaga murojaat qilmoqda. Ularga ko‘ra, asosiy qonunning 52-moddasiga ko‘ra, Zurabishvilining barcha tashriflari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilishi shart emas.
Sud raisi Merab Turavaning ta’kidlashicha, tomonlarga bir-birlariga savol berish va yakuniy so‘z bilan chiqish imkoniyati beriladi.
Avvalgi sud majlislarida bo‘lgani kabi, bu gal ham Zurabishvilining o‘zi sud zalida yo‘q. Konstitutsiyaviy sud majlis natijalariga ko‘ra, qaror e’lon qilmasligi, balki uni so‘rov olingan kundan boshlab belgilangan bir oy muddatda tayyorlashi mumkin. Bu muddat oktyabr oyining o‘rtalarida tugaydi. Agar sud Prezidentga impichment e’lon qilish taklifini ma’qullasa, Gruziya parlamenti Zurabishvilini lavozimidan chetlashtirish bo‘yicha ovoz berish uchun ikki hafta vaqt oladi. Agar 150 deputatdan 100 nafari uning impichmentini qo‘llab-quvvatlasa, Zurabishvili iste’foga chiqadi.
Ma’lumot uchun, sentyabr oyi boshida Zurabishvili Berlin, Bryussel va Parijga tashrif buyurib, u yerda oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Gruziya hukumati uning ushbu safarlariga rozilik bermagan. Shu bois hukmron partiya uni konstitutsiyani buzganlikda ayblab, impichment jarayonini boshlagan.
LiveBarchasi