“Grija” xuruj qilganda uqalash mumkin emas – mutaxassis
Salomatlik
−
21 Oktabr
4747So‘nggi paytlarda ko‘pchilik insonlarni oyoq va bel og‘rig‘i xastaliklari tez-tez bezovta qilmoqda. Tibbiy tekshiruvlar natijasida esa ularning aksariyatida umurtqalararo disk churrasi aniqlanyapti. Xo‘sh, u qanday kasallik? Disk churrasi xuruj qilganda nima qilish lozim? Shu kabi savollarga tibbiyot fanlari doktori Shohaydar Shotursunov javob berdi.
Mutaxassisga ko‘ra, umurtqalararo disk churrasi bo‘yin va bel qismlarida ko‘p uchraydi. Bemor o‘zida xastalik rivojlanayotganini mustaqil bila olmaydi. O‘tkaziladigan kompyuter va magnit rezonans tomografiya tekshiruvi xulosasi orqaligina unga aniq tashxis qo‘yish mumkin.
Aksariyat kishilar beldagi og‘riqqa jiddiy e’tibor bermaydi. “Tuz yig‘ilishi”, “Nerv tolalari shamollashi” kabi taxminlar bilan yuraverish, odatda, kasallikning zo‘rayishiga sabab bo‘ladi.
Xastalik xuruj qilganda bemorda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, churra joylashgan soha atrofi qo‘l bilan paypaslanganida qorinda to‘lg‘oqsimon og‘riq kuzatiladi. Churra kattalashib, taranglashadi. Bu holatda og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qilish mutlaqo mumkin emas. Chunki ular keyinchalik organizmda turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Qolaversa, o‘zbilarmonlik bilan uy sharoitida davolanish ham jiddiy muammolarga sabab bo‘ladi. Eng to‘g‘ri yo‘l – shifokor ko‘rigidan o‘tish hamda buyurilgan davo muolajalarini o‘z vaqtida bajarishdir. Bu kasallikni ko‘pincha yaqinlar umurtqa pog‘onasini bosish, uqalash va shunga o‘xshash amaliyotlar orqali davolashni taklif etadi. Biroq mutaxassis sifatida shuni aytamanki, bunday choralar aksincha, shikastlangan umurtqani qiynashi va bemor holatini yanada og‘irlashtirishi mumkin”, degan Shotursunov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq betob bo‘lganda qanday mahsulotlardan saqlanish kerakligi haqida ma’lumot berilgandi.