Gretsiyada 273 yo‘lovchisi bor samolyot havoda yonib ketdi (video)
Olam
−
18 avgust 2025 33827 2 daqiqa
Kecha, 17 avgust kuni Gretsiyadagi Korfu aeroportidan 273 yo‘lovchi bilan ko‘tarilgan yo‘lovchi samolyotning dvigatelida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Philenews” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Condor Airways’ning Boeing 757-300 samolyotida 273 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot aeroportdan uchib chiqqanidan bir necha daqiqa o‘tib unda nosozlik yuz bergan va dvigatel yonib ketgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan mahalliy aholi vakillari avval portlashga o‘xshash ovozni eshitganini, undan keyin samolyot yonganini aytgan.
Xabarga ko‘ra, samolyotning o‘ng dvigateli balandliik 450 metrga yetganida, u hali uchish rejimida bo‘lgan paytda ishdan chiqqan. Uchuvchilar uni o‘chirishga uringan, biroq bu yanada yomonroq shikastlanishga olib kelgan.
“Shundan so‘ng uchuvchilar samolyotni o‘ng tomonga, uchish-qo‘nish yo‘lagi yoniga burishdi, chunki Korfu aeroportida qizil darajadagi xavf signalini e’lon qilinib, barcha favqulodda qo‘nish protokollari ishga tushirilgan edi. Biroq uchuvchilar oxir-oqibat favqulodda qo‘nish o‘rniga bir dvigatelda parvozni davom ettirishga qaror qildi. Keyin samolyot 8 ming fut balandlikka ko‘tarilib, Italiyadagi Brindizi aeroportiga qo‘ndi”, deyiladi xabarda.
RTL telekanali xabariga ko‘ra, uchuvchilarga Dyusseldorfga parvozni davom ettirishga dvigatel nosozligi imkon bermagani uchun ular yo‘nalishni Brindiziga o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
“Har qanday noqulaylik uchun uzr so‘raymiz, biroq yo‘lovchilar xavfsizligi biz uchun doimo birinchi o‘rinda turadi”, deya bayonot bergan Condor Airways.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning Valensiya muxtor hamjamiyatidagi Ponton Rekena aholi punkiti yaqinida kichik samolyot halokatga uchragandi. Hodisa oqibatda ikki kishi vafot etgan.
Live
Barchasi