G‘ofurboydan Umarovgacha Boks afsonalari Toshkentda
Sport
−
13 noyabr 2023
10309Bugun, 13 noyabr kuni Toshkent shahrida Butunjahon boks ittifoqining (WBC)ning yillik 61-Konvensiyasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistondagi nufuzli sport tashkilotlari, O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbari Ochilboy Ramatov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi rahbari Otabek Umarov, O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov va Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitasi rahbarlari WBC tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyo boksida o‘z o‘rnini topib borayotganini aytib, profboksda Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Shohjahon Ergashev, Otabek Xolmatov va boshqa bir qator o‘zbek bokschilarining natijalarini e’tirof etdi.
Marosim davomida rossiyalik boks afsonasi Konstantin Szyu tomonidan Ochilboy Ramatovga WBC kamari topshirildi. Shuningdek, o‘zbek yulduzlariga tashkilotning esdalik medallari sovg‘a qilindi. Jahon boks afsonasi Evander Xolifild va Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov tomonidan WBC hamda O‘zbekiston bayrog‘i sahnaga olib chiqildi. Meksikalik boks yulduzi Xulio Sesar Chaves esa WBC kamarini ko‘targan holda ko‘rinish berdi. Biroz o‘tgandan keyin esa Ramatov tomonidan konvensiya ishi ochiq deb e’lon qilindi.
WBC'ning tadbirlarining oxirgi kunida “Humo arena”da profboks oqshomi tashkil etiladi. Turnirda havaskorlar o‘rtasida jahon chempionlari Abdumalik Xalokov va Mirazizbek Mirzahalilov ringga ko‘tariladi. Mirzahalilov profboksda yaxshigina tajribaga ega, Xalokov esa profringda debyut qildi.
WBC ortda qolayotgan yil yakunlari bo‘yicha hisobotini ommaga taqdim etayotgan bir paytda, ukrainalik bokschi, WBA, WBO va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni Aleksandr Usik anjumanlar zaliga kirib keldi. Usik yaqindagina Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Fyuri-Ngannu jangi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgandi. Endi u 17 noyabr kuni profboksda yetishib chiqayotgan bo‘lajak o‘zbekistonlik raqibi Bahodir Jalolovning jangini tomosha qiladi.
Usikning profboskdagi azaliy raqibi superog‘ir vazn toifasida amaldagi Butunjahon boks ittifoqi (WBC) chempioni, britaniyalik Tayson Fyuri esa O‘zbekistonga kelmaydigan bo‘ldi. WBC tomonidan uning kelmasligiga yaqindagina jang o‘tkazgani va Angliyada matbuot anjumanida ishtirok etishi sabab qilib ko‘rsatildi. Fyuridan tashqari amerikalik boks afsonasi Mayk Tayson ham hali O‘zbekistonga kelgani yo‘q.
Tadbir davomida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov WBC tomonidan tashkilotning boshqaruv organi a’zosi etib tayinlandi. Marosim yakunida Toshkent mehmonlariga o‘zbekona to‘nlar kiydirildi. 17 noyabrga qadar davom etadigan WBC tadbirlari doirasida jahon boksi yulduzlari bilan uchrashuvlar, O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar va tashkilotning taqdirlash tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi