G‘iyosov tenglik, Rizayev daxlsizlik deydi. O‘zi nima gap?
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
8145Bugun, 1 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosovning deputatlar daxlsizligi yo‘l harakati qoidasini buzish uchun sabab bo‘la olmasligi haqida aytgan gaplari tarqaldi. U videoda deputatlar ham oddiy odam kabi yul harakati qoidalariga amal qilmasa, javobgarlikka tortilishini eslatib quygan.
G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim deputatlar yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buza turib, yo‘l-patrul xizmati xodimiga o‘zini daxlsizligini, deputatligini “pesh” qilib o‘tib ketar ekan. Xodimlar esa ularga chora ko‘rmagan.
”Yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buzgan deputatlar xalq bilan barobar javobgarlikka tortiladi. Deputatlar daxlsizligi faqatgina tergov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan, sud tomonidan xal qilinadigan ma’muriy ishlarda tatbiq etiladi. Lekin yo‘l harakati qoidasini buzgan deputatlar hamma bilan barobar javobgarlikka tortiladi va jarimasini to‘laydi”, deydi Shohruh G‘iyosov.
Ta’kidlanishicha, kelgusida yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buzgan deputatlarning bodi kameraga tushgan tasvirlari jamoatchilikka e’lon qilinadi (deputat bilan bog‘langan holda).
“Deputatlar ham o‘z harakatlari uchun jamoatchilik oldida hisobot berishlari kerak”, deydi G‘iyosov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev Facebook sahifasida Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovni deputatlarga tahdid qilishda aybladi.
“IIV matbuoti boshlig‘idan javob kutaman. Kim “GAI”larga topshiriq berish vakolatini bergan, qaysi qonun? Bu xodim vakolatidan chiqmaganmi?
G‘iyosovni vaziriga shaxsan talab qo‘yaman, bu tahdid. Kim haqida gapiryapman, deb o‘ylayapsizmi, mas’ul vazifadagi odam? “Pogon”ni hammayam ko‘tarolmaydi...” deya post qoldirgan Navro‘z Rizayev o‘zining Facebook sahifasida.
Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida:
“Tegishli palataning roziligisiz deputat, senator jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas”, deb belgilangan.
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida:
“Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas”, deb belgilangan.
Qayd etish kerakki, Shohruh G‘iyosovning deputatlarni qoidabuzarlik uchun javobgarlikka tortish haqidagi fikrlari to‘g‘ri. Ammo IIV xodimlari barchani birdek ko‘rib, telefon orqali ish bitirishga odatlangan ba’zi “kattakon”larni ham xalq bilan bir qatorda javobgarlikka torta olsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Negaki, odamlar Olmaliqdagi holatni juda yaxshi eslaydi. Joriy yilning avgust oyi boshida YPX inspektori bir qo‘ng‘iroq bilan qoidani buzgan Malibu haydovchisini jazoga tortmasdan qo‘yib yuborgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, poytaxtda ham YPX inspektori bir qo‘ng‘iroqdan keyin Malibu haydovchisiga jarima yozmasdan qo‘yib yuborgandi.
LiveBarchasi