Giyohvandlarni davolash davlatga qimmatga tushadi — Zarifjon Ashurov

Jamiyat

image

Bemorlarni narkologik davolash ikki xil — ixtiyoriy va majburiy usulda amalga oshiriladi. Majburiy giyohvandlikka qarshi davolanish ayrim hollarda qariyb 18 oygacha davom etadi va ushbu jarayon davlat uchun katta moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqaradi. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktika oyligi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.

Anjumanda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov respublika miqyosida narkologik bemorlarni statsionar davolash uchun 2400 ta o‘rin mavjudligini, bir yil davomida markazlarda qariyb 36 ming nafar bemor davolanib chiqishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, narkologik davolanish ixtiyoriy va majburiy tartibda amalga oshiriladi. Ixtiyoriy davolanish bemorning o‘z xohishi bilan odatda 20 kun yoki bir oy davom etadi. Ammo majburiy davolanishda, agar shaxs o‘ziga yoki atrofdagilarga xavf tug‘dirsa yoki kasalligini tan olmasa, sud qarori bilan davolanishga yuboriladi. 

“Qonunga ko‘ra, majburiy davolanish muddati 18 oygacha davom etishi mumkin. Agar bu illatning oldini olmasak, davlat uchun qanchalik qimmatga tushishini tushunishimiz kerak. Chunki bu kasallikni organizmdan tozalash juda mushkul”, deydi Ashurov.

Zarifjon Ashurovning qo‘shimcha qilishicha, tabiiy dofamin insonda xotirjamlik va ruhiy barqarorlikni ta’minlaydi. Sintetik moddalar qisqa muddatli yengillikdan so‘ng tushkunlik, asabiylik va o‘z joniga qasd qilish fikrlarining kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oqibatda, shaxs o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmay qoladi va muammo yanada chuqurlashadi.

Shu bois, anjumanda giyohvandlikka qarshi kurashishda nazoratni kuchaytirish bilan bir qatorda davolash, profilaktika va ijtimoiy reabilitatsiya choralarini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Chunki inson jamiyatga sog‘lom holda qaytsa, uning hayoti va kelajagi o‘zgaradi.

Shuningdek, tadbirda giyohvandlikka qarshi kurashishda jamiyat va davlat birgalikda harakat qilishi lozimligi, aholida ushbu illatga qarshi immunitetni shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, yoshlar o‘rtasida, xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalla raislari bilan hamkorlikda tizimli va uzluksiz ishlar olib borilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

giyohvandlik psixotrop moddalar narkologik davolanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing