Eron va Turkiya o‘rtasidagi balans buzildimi?
Intervyu
−
18 mart 2916 10 daqiqa
Yaqin Sharq yana xavotirli bosqichga kirmoqda. Mintaqada keskinlik kuchayib, ayrim davlatlar diplomatlarini evakuatsiya qilmoqda. Turkiya havo hududiga ham bir necha bor hujumlar uyushtirildi. Bunda Eron tomoni ayblanmoqda. Ushbu jarayon fonida ko‘pchilikni bir savol qiziqtirmoqda: asrlar davomida urush qilmagan Eron va Turkiya o‘rtasidagi muvozanat buzilishi mumkinmi? Bu savollarga javob izlab, biz Eron siyosati bo‘yicha taniqli ekspert, Janubiy Alabama Universiteti professori Nader Entessar bilan suhbatlashamiz.
Abdurahmon Ergashev, muxbir: Xayrli kech, professor Engezar. Suhbatlashishga vaqt ajratganingiz uchun katta rahmat. Ahvolingiz qanday?
Janubiy Alabama Universiteti professori Nader Entessar: Men yaxshiman. Sizning ishlaringiz qalay?
A.E.: Men ham yaxshiman, rahmat. Birinchi savolimni berishga ruxsat eting. Yaqin Sharqda so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan keskinlik nuqtai nazaridan Eron va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni qanday baholaysiz? Ular ko‘proq raqibmi yoki strategik sherik?
N.E.: Ikkalasi ham. Javob – ikkalasi ham. Aytmoqchimanki, bu tarixiy savol. Ushbu savolga javob berish uchun uni tarixiy kontekstga qo‘yish kerak. Safaviylar davriga nazar tashlasak, mohiyatan Safaviylar imperiyasi va Usmonli imperiyasi mavjud bo‘lgan paytlarda ham bugungi Eron va Turkiya ham raqobatchi, ham raqib bo‘lgan. Va bu munosabatlar XVI asrdan beri deyarli o‘zgarmasdan qolmoqda. Bu ikki davlatda turli hukumatlar, turli xil rejimlar hokimiyatga keldi. Ammo ko‘tarilish va pasayishlar deyarli o‘zgarmas bo‘lib qoldi. Shuning uchun savolingizga qisqacha javob bersam: Eron va Turkiya ham raqib, ham raqobatchi, ham ittifoqchidir.
Ayrim jihatlarda ular hamkorlik qiladilar. Ularning umumiy manfaatlari bo‘lgan qator sohalar bor. Yaqin Sharqda esa manfaatlari bir-biridan farq qiladigan sohalar mavjud. Ammo bir narsani ta’kidlashimiz kerakki, munosabatlardagi ushbu ko‘tarilish va pasayishlarga qaramay, har ikki davlat ham o‘z munosabatlarini boshqarishda muvaffaqiyat qozonib kelmoqda. Boshqacha aytganda, farqlarning umumiyliklardan ustun kelishiga yo‘l qo‘ymaydilar.
Biz buni, hatto bugun Erondagi urush paytida ham ko‘ryapmiz, Turkiya mojarodan yaxshi masofani saqlab qoldi. Eron ham Turkiyani aralashtirib yuborishdan o‘zini tiydi. Eron nishonga olgan ob’ektlar, garchi AQSHning Turkiyada ham ob’ektlari bo‘lsa-da, Turkiyaning o‘sha hududlarini chetlab o‘tdi va Turkiya bilan Eronga hozircha bir oz masofada qolish hamda ushbu mojaroga aralashmaslik imkonini berdi.
Shu sababli, bu ikki davlat munosabatlarni, hatto Eron tarixidagi eng keskin davrlarda ham, farqlarning nazorat qilib bo‘lmaydigan vaziyatga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan boshqarib kela olishmoqda.
A.E.: So‘nggi haftalarda mintaqada keskinlik kuchaydi. Ba’zi davlatlar o‘z diplomatik xodimlarini chaqirib olishmoqda. Bu jarayon mintaqaviy xavfsizlik haqida nimani anglatadi?
N.E: Xo‘sh, mintaqaviy xavfsizlik. Hozirgi mojarodan keyin qanday mintaqaviy xavfsizlik shakllanishini bilmaymiz. U qachon va qanday tugashiga ishonchim komil emas. Bular bizda javobi yo‘q savollardir. Hozir aytgan har bir gapimiz shunchaki taxmin bo‘ladi, lekin bir narsa aniqki, mojaroning bu bosqichi tugaydi.
Mojarodan keyingi davrda xavfsizlik masalasi juda muhim bo‘lib qolishi tabiiy. Menimcha, mintaqada so‘nggi 40 va undan ortiq yillardan beri mavjud bo‘lgan vaziyat o‘zini oqlay olmaydi. Boshqacha aytganda, AQSHning mintaqadagi to‘liq hukmronligi endi Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va boshqa davlatlar xavfsizligi uchun kafolat bo‘la olmaydi.
Shuning uchun qanday xavfsizlik tuzilmalari paydo bo‘lishini hozir taxmin qilish juda qiyin. Ammo, Yaqin Sharqning bu qismi, hech bo‘lmaganda Janubi-G‘arbiy Osiyo, hukmron super davlat o‘z xavfsizlik soyaboni ostidagi kichik davlatlar xavfsizligini ta’minlay oladigan avvalgi holatiga qaytmaydi deb o‘ylayman.
Bu xuddi shisha idishga o‘xshaydi. Shisha idishni sindirib qo‘ysangiz, uning parchalarini qayta birlashtirish juda qiyin. Birlashtirgan taqdiringizda ham, u avvalgidek mustahkam bo‘lmaydi. Oxir-oqibat u baribir parchalanib ketadi. Shunday qilib, avvalgidan farq qiladigan boshqa turdagi xavfsizlik tuzilmasi paydo bo‘ladi. Ushbu davlatlar xavfsizligi uchun AQSHga to‘liq bog‘liqlik endi qayta tiklanmaydi.
A.E.: Yaqinda Eron Turkiyaga hujum qilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo Eron rasmiylari bu ayblovlarni rad etishdi. Ushbu vaziyatni qanday baholaysiz va bu zid da’volar ortida nima bo‘lishi mumkin?
Aytish qiyin. Birinchidan, hech qanday nishon urilmagan va Eron o‘zingiz aytganingizdek bir necha bor Turkiya yoki Ozarbayjonni nishonga olmaganini ta’kidladi. Darhaqiqat, Eron Tashqi ishlar vaziri so‘nggi uch kun davomida bu nuqtani yana bir bor ta’kidlash uchun Turkiya Tashqi ishlar vaziri bilan doimiy aloqada bo‘ldi.
N.E: Xo‘sh, bu qanday sodir bo‘ldi? Eron dronlari Ozarbayjon va Turkiya hududiga qanday kirib qoldi? Hamma narsa turli yo‘nalishlarga otilayotgan bunday urushda buni tushuntirish qiyin. Bo‘lishi mumkinki, adashgan dronlar yoki raketalar noto‘g‘ri nishonga borib urilishi mumkin.
Ammo shunisi aniqki, Eronni bunda hech qanday manfaati yo‘q. Eronning diqqat markazida AQSH kuchlari joylashgan va Eronga hujum qilish uchun foydalanilgan hududlar turibdi. Na Ozarbayjon va na Turkiya bu jarayonga aralashgan. Turkiya, albatta, NATO davlati va masalan, Injirlik bazasida Amerika harbiy ishtiroki sezilarli.
Yana aytaman, menda bu borada to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot yo‘q. Ammo Eron hukumati bu ikki davlatni nishonga olmaganini juda aniq va shubhasiz aytayotgani shundan dalolat beradiki, agar haqiqatan ham Turkiya yoki Ozarbayjon yo‘nalishida dronlar bo‘lgan bo‘lsa, bu o‘sha adashgan narsalardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bilasizki, bunday turdagi urushda 100 foizlik aniqlikka erishib bo‘lmaydi. Siz biror narsani otasiz va ba’zida raketalar yoki dronlar noto‘g‘ri yo‘nalishga ketib qoladi.
Hatto, nishonni juda aniq urish qobiliyatiga ega bo‘lgan AQSH ham Janubiy Erondagi maktabni 30 daqiqa ichida ikki marta urib, 170 ga yaqin maktab bolalarini o‘ldirdi – bu kabi narsalar katta ehtimol bilan asl nishon bo‘lmagan. Xatoga yo‘l qo‘yilgan. Shuning uchun juda ko‘p o‘lchovli bunday urushda 100 foizlik aniqlikka ega bo‘lish qiyin. Siz niyat qilmagan joylarga ham o‘q uzib qo‘yishingiz mumkin.
A.E.: Turkiya NATO a’zosi bo‘lganligi sababli, Eron tomonidan strategik tahdid sifatida ko‘riladimi?
N.E: Yo‘q, yo‘q, Eron Turkiyani strategik tahdid deb hisoblamaydi, na mojarodan oldin va na mojarodan keyin. Chunki Turkiya bu mojaroga aralashmadi, bu mojaroda tomon emasligini juda aniq bildirdi va Turkiyani Eronga tahdid qilib qo‘yadigan darajada yordam ko‘rsatmadi.
A.E.: Sizningcha, Turkiya va Isroil o‘rtasidagi yaqinlashish ehtimoli Eronni xavotirga soladimi?
N.E: Albatta, ular buni tanqid qiladilar, ammo gap shundaki, Turkiya va Isroil o‘rtasida Isroil tashkil etilganidan ko‘p o‘tmay diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Isroil va Turkiya o‘rtasidagi bu yaqinlashish Eronga qarshi bo‘lmaguncha, Eronning bu yo‘nalishda xavotiri kam.
Darhaqiqat, biz hozir ko‘rayotgan narsa shuki, kechagina Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet Turkiyani keyingi nishoni bo‘lishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Shunday ekan, bu munosabatlarda yaqinlashish bor, lekin bu “notinch yaqinlashish”. Agar shunday atash mumkin bo‘lsa, Turkiya va Isroil o‘rtasidagi bu “do‘stona bo‘lmagan yaqinlashish”dir va Eron ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni hisobga olib, buni jiddiy tahdid deb hisoblamaydi.
A.E.: Eron va Turkiyaning Suriya, Iroq va Kavkaz mintaqasidagi manfaatlari qay darajada to‘qnashadi?
N.E: Xo‘sh, bu ikkala sohada ham jiddiy kelishmovchiliklarga aylanish ehtimoli bor, ayniqsa Janubiy Kavkaz va Suriyada. Eron Suriyadan uzoqlashib bo‘ldi. Turkiyaning Suriyada nima qilishi borasida endi u qadar katta xavotir yo‘q. Iroqda esa, asosan Iroq Kurdistonidagi turk ishtiroki haqida gapiryapmiz.
Bu masalada Eron va Turkiyaning ba’zi umumiyliklari bor. Ikkalasi ham Iroqdagi kurdlar har ikki davlat uchun xavf tug‘dirmasligiga ishonch hosil qilishni xohlaydi. Shuning uchun, menimcha, Iroqda to‘qnashuvdan ko‘ra hamkorlik qilish salohiyati ko‘proq. Ammo Kavkaz Eron uchun boshqa mintaqaviy masaladir. Agar biz Turkiyaning Kavkazda, ayniqsa xavfsizlik masalalarida, Eron bilan chegaradosh qismlarida ko‘proq ishtirokini ko‘rsak, u holda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar bir oz keskinlashishi mumkin. Ammo hozircha ular “kelishmaslikka kelishib”, vaziyatni issiq to‘qnashuv maydoniga aylantirmasdan boshqarib kelishmoqda.
A.E.: Markaziy Osiyo va mintaqaviy transport yo‘llaridachi, unda raqobat qanchalik?
N.E: Bu ancha vaqtdan beri davom etmoqda va raqobat ancha yuqori. Umuman olganda, Eron bu borada Turkiya kabi yaxshi natija ko‘rsata olmadi. Turkiya, hech bo‘lmaganda, muqobil koridorlarni yaratishda muvaffaqiyatliroq bo‘ldi. Eronning Markaziy Osiyoda ko‘proq ta’sir ko‘rsatishiga yoki ishtirok etishiga imkon beradigan katta koridori –“Shimoliy-Janub” yo‘lagi shulardan biri, ammo u hali to‘liq amalga oshmadi.
Bu amaldan ko‘ra ko‘proq gap-so‘z bo‘lib qolmoqda. Hali qurilmagan yoki tegishli temir yo‘l va quruqlik aloqalari o‘rnatilmagan muhim hududlar bor. Bu hududni shunchaki rejalashtirish va gapirishdan tashqari, hayotiy yo‘lakka aylantirish Eron uchun juda muhimdir. Va bu gaplar 20 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda, ammo men “Shimoliy-Janub” koridorining aniq natijasini ko‘rganim yo‘q.
Lekin Turkiya muvaffaqiyatliroq bo‘ldi. Har bir holatda emas, lekin ko‘p hollarda Markaziy Osiyodan Turkiyaga va keyin Yevropaga tovarlar va xizmatlarni tashish uchun muqobil energetika va transport koridorlarini yaratishda ko‘proq muvaffaqiyat qozondi. Shunday ekan, bu raqobat bir muncha vaqt davom etadi va hozircha Eron bu raqobatda zaifroq pozitsiyada.
A.E.: Janubiy Kavkazdagi so‘nggi o‘zgarishlar, Ozarbayjon va Armaniston jarayoni Eron va Turkiya munosabatlariga, ayniqsa Zangezur koridori masalasiga qanday ta’sir qilmoqda?
N.E: Tramp hozir uni “Tramp koridori” deb atayapti. Shuning uchun uni “Tramp koridori” yoki “Zangezur koridori” deb atashni bilmayman. U shubhasiz, Eronning shimolga yo‘naltirilgan yana bir yo‘nalish yaratish urinishlariga zarar yetkazadi. Ammo Ozarbayjon hozircha bu koridorni Eron uchun to‘sib qo‘yish niyati yo‘qligini va Eron xohlasa undan foydalanishi mumkinligini aytdi. Albatta, Eronning hozirda bu koridor orqali tashish uchun unchalik ko‘p narsasi yo‘q, shuning uchun bu hozircha haqiqiy tahdiddan ko‘ra ko‘proq nazariy tahdiddir.
Ammo bu nima bilan tugashini bilmayman. Tramp, albatta, Armanistondagi ushbu koridorga sarmoya va xavfsizlikni ta’minlashni hamda uni kengaytirish uchun zarur infratuzilmani yaratishni xohlashini aytdi. Ammo biz gaplashib turgan vaqtda, bu masalalar hali juda boshlang‘ich bosqichda. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
A.E.: Professor, sizningcha, Eron va Turkiya o‘rtasida harbiy to‘qnashuv bo‘lishi ehtimoli realmi yoki bu ko‘proq siyosiy taxminmi?
N.E: Yo‘q, menimcha, bu safar bu ko‘proq siyosiy taxmin. Turli sabablarga ko‘ra hech bir davlat harbiy mojaroga kirishishni xohlamaydi. Albatta, Turkiya NATO davlati va agar shunday bo‘lsa, bu NATO va Eron o‘rtasidagi mojaroga aylanadi. Lekin menimcha, bu hozirgi vaqtda real variant emas, chunki hech bir davlat bir-biri bilan harbiy to‘qnashuvni istamaydi.
A.E.: Sizning fikringizcha, Eron va Turkiya Yaqin Sharqda barqarorlikni saqlashda qanday rol o‘ynashi mumkin?
N.E: Shubhasiz, bular XX asrning mahsuli bo‘lgan yoki yaqinroqda paydo bo‘lgan ko‘plab Yaqin Sharq davlatlaridan farqli o‘laroq, o‘rnatilgan eski davlatlardir. Shuning uchun ularning ikkalasi ham o‘n yilliklar, balki asrlar davomida shakllangan madaniy va siyosiy ishtiroki hamda ta’siriga ega.
Shu sababli, agar siyosiy sharoitlar imkon bersa, ular barqarorlik uchun ijobiy rol o‘ynash salohiyatiga ega. Aytmoqchimanki, bu katta “agar”. Agar siyosiy sharoit imkon bersa. Ammo, Yaqin Sharqning ikki asosiy ustuni sifatida (Misrni ham ehtimol uchinchi ustun sifatida qo‘shishim mumkin, lekin Misr so‘nggi yillarda bir oz chetga chiqib qoldi), Turkiya va Eron, shubhasiz, bugungidan ko‘ra ancha katta rol o‘ynash uchun barcha imkoniyat va qobiliyatlarga ega.
A.E.: Professor Enteezar, qimmatli fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashganingiz uchun sizga katta rahmat. Vaqtingiz va javoblaringiz uchun minnatdorman. Siz bilan suhbatlashish juda yoqimli bo‘ldi.
N.E: Suhbatga taklif qilganingiz uchun sizga ham rahmat, ishlaringizga rivoj tilayman.
Live
Barchasi