Parda ortidagi qudrat: Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy asli kim?
Tahlil
−
10 mart 9327 6 daqiqa
Eronga rasman Oliy rahbar tayinlandi. Eron Trampning talablariga ochiqchasiga qarshi chiqib, Oliy rahbar sifatida Ali Xomanaiyning vorisi – Mujtabo Xomanaiyni sayladi. Xalq bu qarorni olqishladi. Tahlilchilar endi AQSH prezidenti Donald Trampning operatsiyasi Eronda rejimni o‘zgartirolmaganini, shunchaki Xomanaiyning versiyasini yoshroq versiyasi bilan almashtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlamoqda. Otasining o‘limidan avval davlat lavozimlarida ishlamagan, ommaviy nutqlar yoki intervyulardan yiroq bo‘lgan hamda “parda ortidagi kuch” deb ta’riflanayotgan Mujtabo Xomanaiy asli kim? Yaqin daqiqalar ichida bu haqda QALAMPIR.UZ batafsil ma’lumot beradi.
Mujtabo Xomanaiy asli kim?
Sayyid Mujtabo Xomanaiy 1969 yil 8 sentyabrda Mashhadning shimoli-sharqida tug‘ilgan. U halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning oltita farzandidan ikkinchisi hisoblanadi. Uning bolalik davri otasining Eron Shohi Muhammad Rizo Pahlaviy monarxiyasiga qarshi yetakchi inqilobchi sifatida tanilgan vaqtlarga to‘g‘ri keladi. Bu yillarda bo‘lajak oliy rahbar Ali Xomanaiy Mashhaddagi uchta masjidda diniy darslarga rahbarlik qilgan. Ali Xomanaiyning rasmiy tarjimai holiga ko‘ra, Xomanaiy Pahlaviylar monarxiyasiga qarshi faoliyati sabab SAVAK e’tiboriga tushgan. 1975 yil qishida maxsus xizmat xodimlari uning Mashhaddagi uyiga bostirib kirib, uni oltinchi marta hibsga olgan va qo‘lyozmalarini musodara qilgan.
1979 yilgi Islom inqilobidan so‘ng oilaning siyosiy taqdiri keskin o‘zgardi. Xomanaiy qonunbuzarlikdan mudofaa vaziri o‘rinbosari kabi muhim lavozimlarda ishlashga o‘tadi. Bu esa oilani Mashhaddan Tehronga ko‘chib o‘tishga olib keladi. U yerda Mujtabo rejim elitalari bilan mashg‘ulot o‘tkaziladigan Alavi o‘rta maktabida o‘qidi. Bu maktab bitiruvchilari orasida sobiq tashqi ishlar vazirlari Ali Akbar Vilayati va Javad Zarif, shuningdek, parlamentning sobiq raisi G‘ulom Ali Haddad-Adel ham bo‘lgan. Bu yerda Mujtaboga ham dunyoviy ham dinniy ta’lim berilgan.
17 yoshida Mujtabo Eron–Iroq urushi paytida qurolli kuchlarda, xususan, Habib botalonida xizmat qilgan. Harbiy xizmat chog‘ida, u Eron xavfsizlik xizmatining yetakchi a’zolariga aylanadigan odamlar, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) razvedka tashkilotining rahbari Husayn Taib va Tehronda xavfsizlikni boshqaradigan IRGCning Saralloh shtab-kvartirasi qo‘mondoni Husayn Najot bilan munosabatlarni o‘rnatadi. O‘sha sakkiz yil davom etgan urush Eron hukumatining AQSH va G‘arb davlatlariga nisbatan shubhasini yanada kuchaytirgan. Sababi o‘sha davrda G‘arb davlatlari Iroqni qo‘llab-quvvatlagan edi.
1989 yilda Eronning birinchi Oliy rahbari Ruhulloh Xomeyniy vafot etgach, Ali Xomanaiy bu lavozimga saylandi. Shu paytdan boshlab Mojtabaning hayoti o‘zgardi: u mudofaa vaziri o‘rinbosarining o‘g‘lidan mamlakatning eng qudratli shaxslaridan biri bo‘lgan Oliy rahbarning o‘g‘liga aylandi. Shu yillarda Mujtaba Xomanaiy avval otasidan, keyinchalik esa bosh sudya bo‘lgan Mahmud Hoshimiy Shahrudiydan diniy tahsil olgan. 1999 yilda Mujtaba diniy ta’limini davom ettirish uchun shia ilohiyotining muhim markazlaridan biri hisoblangan muqaddas Qum shahriga bordi. Qizig‘i shundaki, u ruhoniy kiyimini ancha kech – taxminan 30 yoshlarida kiyishni boshlagan. Odatda diniy ta’lim bu sohada yoshroq paytda boshlanadi. Ilgari Mujtabo hech qachon Eron hukumatida rasmiy lavozim egallamagan. Ba’zi siyosiy yig‘ilishlarda ko‘ringan bo‘lsa-da, omma oldida juda kam gapiradi. Hozirda u “hojjat-ul-islom”, ya’ni o‘rta darajadagi ruhoniy hisoblanadi va bu holat uning oliy rahbar bo‘lishi uchun ayrim savollarni ham keltirib chiqarmoqda.
Mujtaboning Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) bilan juda yaqin aloqalari bor. Bu esa unga mamlakatning siyosiy va xavfsizlik tizimida katta ta’sir o‘tkazish imkonini bergan. Ayrim manbalarga ko‘ra, Mujtabo otasining eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan va ko‘p muhim qarorlar aynan u orqali o‘tgan. AQSHdagi United Against Nuclear Iran tashkilotining tadqiqotchisi Kasra Aarabining aytishicha, Mujtabo, ayniqsa Inqilobiy gvardiyaning yosh va radikal qarashdagi a’zolari orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega.
Siyosiy aralashuv ayblovlari
Mujtaboning ismi ilk bor 2005 yilgi prezidentlik saylovlari paytida jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Mazkur saylov populist radikal Mahmud Ahmadinajodning g‘alabasi bilan yakunlangandi.
To‘rt yil o‘tgach, 2009 yilda Mujtabo yana xuddi shunday ayblovlarga duch keldi. Ahmadinajodning qayta saylanishi mamlakat bo‘ylab “Yashil harakat” nomi bilan tanilgan ommaviy norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Ba’zi namoyishchilar Mujtaboning otasidan keyin Eron oliy rahbari bo‘lishi ehtimoliga qarshi shiorlar aytishdi. O‘sha paytda saylovda qatnashgan ruhoniy Mehdi Karroubiy Ali Xomanaiyga maktub yozib, Mujtabo Ahmadinajodni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Ammo, Ali Xomanaiy bu ayblovlarni rad etgan.
AQSH sanksiyalari
2019 yilda AQSH Mujtabo Xomanaiyga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. AQSH Moliya vazirligi uning rasmiy lavozimga ega bo‘lmasa ham, otasi nomidan ko‘plab muhim qarorlar qabul qilishda ishtirok etganini aytgan. Shuningdek, u Inqilobiy gvardiyaning Quds kuchlari va Basij harbiy guruhlari bilan yaqin ishlagan. AQSHga ko‘ra, bu guruhlar Eronning mintaqadagi siyosiy ta’sirini kengaytirishda va ichki noroziliklarni bostirishda muhim rol o‘ynaydi. 2022 yilda politsiya qo‘lida vafot etgan yosh ayol voqeasidan keyin boshlangan namoyishlarda ham Mujtabo Xomanaiy keskin tanqid qilingan.
Eronning yangi Oliy Rahbari
So‘ngi o‘n yil davomida ochiqchasiga “voris” sifatida tilga olingan, ammo faoliyatini “ko‘rinmas askar” sifatida olib borgan Mujtabo Xomanaiy joriy yilning 8 mart kuni Eronning uchinchi Oliy rahbari lavozimiga saylandi. Eron siyosiy tizimida oliy rahbar davlatning eng yuqori hokimiyati hisoblanadi. U tashqi siyosat, harbiy strategiya va yadroviy dastur kabi muhim masalalarda oxirgi qarorni qabul qiladi. AQSH va Isroil bombardimonlari oqibatida Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgach, eronliklar yangi Oliy rahbarni iliq qarshi oldi.
Endi Eronning yangi oliy rahbari sifatida Mujtabo Xomanaiy otasining qat’iy siyosatini davom ettirishi mumkin degan taxminlar bor. Sababi AQSH va Isroil tomonidan boshlangan urush Mujtaboga ancha qimmatga tushdi. Bu urush uning shaxsiy hayotiga ham katta zarba berdi. Urush boshida uning nafaqat otasi, balki rafiqasi ham halok bo‘lgan. U mashhur konservativ siyosatchi va sobiq parlament spikeri G‘ulom-Ali Odilning qizi bo‘lgan. So‘ngi hujumlarda esa Mujtaboning onasi va opa-singillaridan biri halok bo‘lgan.
Tahlilchilarning fikricha, bunday yo‘qotishlar yangi rahbarning siyosiy pozitsiyasiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayrim ekspertlar shaxsiy fojialarni boshdan kechirgan rahbar G‘arb bosimiga nisbatan yanada qat’iyroq siyosat yuritishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Biroq, Mujtabo Xomanaiyning oldida juda katta va murakkab vazifalar turibdi. U Eron Islom Respublikasini saqlab qolishi, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy inqirozdan olib chiqishi va xalqni o‘z yetakchiligiga ishontira olishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tgandek ko‘rinishi ham jamiyatda norozilikni kuchaytirishi mumkin. Mujtabo Xomanaiy endi nafaqat siyosiy jihatdan, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham katta xavf ostida. Isroil mudofaa vaziri yaqinda Ali Xomanaiyning o‘rniga kim kelishidan qat’i nazar, u “yo‘q qilinadigan aniq nishon” bo‘lishini aytgandi.
Live
Barchasi