Ofitsiant josuslar va “tuzoq”ga tushgan Tramp. Xitoy safarining sirli tomonlari

Tahlil

Ofitsiant ko‘rinishidagi Xitoy harbiylari AQSH rasmiylariga xizmat qildi. Xuddi kinolardagidek. Trampning jamoasi xitoyliklarga shunchalik ishonmaydiki, berilgan kortej mashinalarini soatlab, lekin iloji boricha bilintirmay tekshirdi, lattalar bilan! Ilon Mask Xiaomi rahbarini mensimadi. Buni ochiqchasiga ko‘rsatdi. Yakkama-yakka uchrashuvda esa, Tramp “tuzoqqa tushdi”. Uni ataylab past qilib ko‘rsatishdi. Si Szinpin o‘rnidan turgach, Tramp uning daftarini o‘g‘rincha o‘qishga uringani aytildi. Xo‘sh, aslida vaziyat qanaqa? Har qanday oliy darajadagi tashrifning rasmiy qismi — bu shunchaki quruq bayonotlar va kameralar uchun soxta hamda majburiy tabassumlardan iborat. Ammo haqiqiy siyosat, davlatlarning bir-biriga bo‘lgan asl munosabati va kuchlar nisbati sahna ortidagi mayda detallarda, tana tili va maxfiy xizmatlarning o‘yinlarida namoyon bo‘ladi. Hozir AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashuvi doirasidagi eng qiziqarli, maxfiy va shov-shuvli voqealarni ko‘rib chiqamiz.

Jangning boshlanishi — Salomlashuv

Uchrashuv o‘yinlar bilan boshlandi. Donald Tramp o‘zining raqiblarini ruhan sindiradigan, qo‘lini o‘ziga qattiq tortib ko‘rishish uslubini Xitoyda ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kameralar qarshisida qo‘lladi! Maqsad — “Bu yerda men yetakchiman” degan signalni berish edi. Ammo Si Szinpin xuddi buni bilgandek, o‘z pozitsiyasini temirdek saqlab qoldi va qo‘lini qattiq tortib turdi. Bu shunchaki ko‘rishish emas, ikki superdavlatning geosiyosiy tortishuvi edi. Xitoy rahbari Pekinning Vashingtonga osonlikcha yon bosmasligini ilk soniyalardanoq tana tili orqali ko‘rsatib qo‘ydi. Trampni kutib olish marosimidagi bolalar va ularning raqslari ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bu pedofil Epshteyn va Trampning yonma-yon bolalar bilan turgani aks etgan hamda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan videosiga ishora hamda psixologik bosim sifatida baholandi!

Mashina “artish” operatsiyasi

AQSH Maxfiy xizmati xavfsizlik masalasida hech kimga ishonmaydi, hatto mezbon davlatga ham. Mehmon delegatsiya uchun Xitoy tomoni taqdim etgan limuzinlar va maxsus mashinalar atrofida g‘alati holat kuzatildi. Amerikalik tansoqchilar latta va maxsus suyuqliklar bilan mashinalarni xuddi mezbonlarga hurmat yuzasidan yaltiratib artib, tozalayotgandek ko‘rsatishdi. Yana bu ishni shu darajada uzoq va takror-takror qilishdiki, bu ko‘pchilikda bir xil taxminlarni keltirib chiqardi. Xodimlarning qo‘lidagi lattalar va moslamalar ostiga mikrofon, yashirin kamera va radioaktiv moddalarni aniqlovchi skanerlar o‘rnatilgan edi degan fikrlar paydo bo‘ldi. Ya’ni ular mashina tozalash bahonasida Xitoy maxfiy xizmati mashinalarga ehtimoliy o‘rnatgan har qanday yashirin josuslik qurilmalarini qidirishgan va zararsizlantirishgan. Bu yuqori darajadagi paranoyya va professionallik signali.

“Bloger” Mask va uning merosxo‘ri

Tashrifning eng yorqin figuralaridan biri Ilon Mask bo‘ldi. U o‘zini rasmiy shaxsdan ko‘ra, ko‘proq erkin tahlilchi va blogerdek tutdi. Mask deyarli barcha yopiq qabullar, koridorlar va uchrashuv maydonchalarida telefonini chiqarib, hamma joyni “s’yomka” qilib yurdi. Xitoy protokol xizmati bundan qanchalik asabiylashmasin, Maskka tega olmadi. Shuningdek, Mask ushbu o‘ta muhim safarga o‘z o‘g‘li, ismi biroz boshqacharoq bo‘lgan X Æ A-12 ni ham olib bordi va uni Xitoy elitasi bilan tanishtirdi. Maskning bu harakati an’anaviy diplomatiya qoidalarini parchalab tashladi. U o‘zini shunchaki tadbirkor emas, balki davlatlararo munosabatlarga ta’sir o‘tkaza oladigan “mustaqil kuch” sifatida namoyon etdi. O‘g‘li X ni bunday yopiq va global darajadagi tadbirga olib kelishi esa, Xitoy madaniyatidagi “sulola” va “vorislik” tushunchalariga ishora berish hamda o‘z farzandini bolaligidanoq dunyoning eng yuqori elita qatlamiga moslashtirish strategiyasidir, balki!

Smartfonlar jangi: Apple va Xiaomi rahbarlariga ikki xil munosabat

Texnologiya olamining gigantlari uchrashgan davrada Ilon Maskning ikki yirik smartfon ishlab chiqaruvchisi rahbarlari bilan rasmga tushish jarayoni haqiqiy “vizual xabar”ga aylandi.

Apple kompaniyasi rahbari Tim Kuk bilan uchrashganda, Ilon Mask vaziyatga juda jiddiy, professional va hurmat bilan yondashdi. Samimiy qiliqlari va faxrli nigohlari ham e’tiborga tushdi. Ularning birga tushgan surati o‘zaro hurmat va teng huquqli hamkorlar muloqotini eslatdi. Ammo navbat Xitoyning texnologik giganti Xiaomi rahbari Ley Szyun bilan rasmga tushishga kelganda, Mask o‘zining haqiqiy va beparvo munosabatini yashirib o‘tirmadi. U o‘zi bilan selfi tushmoqchi bo‘lgan Xiaomi rahbarini ochiqchasiga mensimadi, yuzaki va masofani saqlagan holda, go‘yo oddiy bir odam bilan rasmga tushayotgandek sovuqqonlik bilan suratga tushdi.

Bu kadr ortidagi lahza AQSH va Xitoy o‘rtasidagi global texnologik urushning yaqqol aksidir. Mask Amerika brendlari va iqtisodiyoti, ya’ni o‘sha vaziyatga moslab aytganda Apple bilan ichki raqobatda bo‘lsa-da, geosiyosiy maydonda ularni birinchi darajali deb biladi. Xitoyning elektromobillar va smartfonlar bo‘yicha global bozorni egallayotgan brendi Xiaomi’ni esa, o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfli raqobatchisi deb hisoblaydi. Mask tana tili orqali Xitoy texnologiyalarini Amerikaniki bilan teng ko‘rmasligini butun dunyoga namoyish etdi.

Trampni past qilib ko‘rsatishdi

Ikki prezidentning tor doiradagi, yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvi tashkil etilgan xonada protokol tuzog‘i tayyorlab qo‘yilgan edi. Tramp uchun ajratilgan divan Si Szinpinnikiga qaraganda bir necha santimetr pastroq va yumshoqroq edi. Tramp divanga o‘tirganda, u beixtiyor pastga cho‘kib ketdi va qarshisida o‘tirgan Si Szinpinga pastdan yuqoriga qarashga majbur bo‘ldi. Bu esa, tabiiyki media vakillarining e’tiboridan chetda qolmadi. Protokol va diplomatiyada mebelning balandligi, o‘lchami va joylashuvi juda katta rol o‘ynaydi. Xitoy tomoni ushbu vizual va psixologik hiyla orqali Si Szinpinni “ustunroq va vaziyatni nazorat qilayotgan rahbar” sifatida ko‘rsatishga erishdi. Tramp esa, o‘tirgandan keyingina buni his qildi, biroq endi kech edi.

Josusga aylangan Tramp

Kechki ovqat va norasmiy suhbat jarayonida eng kulgili, ammo o‘ta jiddiy xarakterga ega deya baholangan voqea yuz berdi. Si Szinpin qisqa muddatga, ehtimol, ataylab o‘ylab topilgan sabab bilan o‘rnidan turib ketdi. Uning stoli ustida ochiq turgan daftarga Tramp fursatdan foydalanib, tezda qarab oldi va undagi yozuvlarni o‘qishga urindi. Siyosatda axborot — eng qimmatli narsa. Tramp u yerda qandaydir maxfiy tezislar yoki Xitoyning muzokaralardagi strategik rejalari yozilganini o‘ylagan chog‘i, tezkor razvedka qilib olishni xohladi. Bu uning provokatsion tabiatidan dalolat beradi. Bir qarashda juda qiziq va davomini bilishga undaydigan holat, shunday emasmi?

Ammo “o‘g‘rincha qarab olish” aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib, katta shov-shuvga sabab bo‘lganidan so‘ng, AQSH tomoni va yetakchi xalqaro OAVlar darhol raddiya berishdi hamda vaziyatga rasmiy aniqlik kiritishdi. Oq uy va AQSH rasmiylari tarqalgan xabarlarni mutlaqo rad etishdi va buni kontekstdan yulib olingan feyk ma’lumot deb baholashdi. AQSH tomoni va mustaqil faktlarni tekshiruvchilar uchrashuvning to‘liq va kesilmagan videosini e’lon qilishdi. Unga ko‘ra, Si Szinpin stoldan turib, minbarga nutq so‘zlash uchun ketganida, Tramp haqiqatan ham chap tomonidagi qora rangli charm papkani ochib, ichini ko‘zdan kechirgan. Biroq, bu papka uchrashuv boshlanishidan avval aynan Trampning o‘rindig‘iga qo‘yilgan va uning o‘ziga tegishli nutq matnlari bo‘lgan. Qolaversa, Oq uy taqdim etgan yaqinlashtirilgan tasvirlarda Tramp ochgan o‘sha qora jild ustida AQSH Prezidentining rasmiy gerbi va muhri yaqqol ko‘rinib turgani isbotlandi.

Girgitton obrazidagi harbiylar

Ovqatlanish va qabullar jarayonida mehmonlarga xizmat ko‘rsatgan xitoylik ofitsiantlar o‘zlarining harakatlari bilan barchani hayratda qoldirdi. Lagan ko‘targan yigitlarning qadam tashlashi, qizlarning atrofga tez-tez va maqsadli nigoh tashlashi, orqa burchakda tik turishi va buyruqlarni bajarish tezligi oddiy restoran xodimlariga mutlaqo o‘xshamasdi. Ularning yelkalari tik, nigohlari o‘tkir edi.

Siyosiy tahlilchilar “bu “ofitsiantlar” aslida Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining eng elita bo‘linmalaridan saralab olingan, maxsus harbiy va psixologik tayyorgarlikdan o‘tgan ofitserlar bo‘lgan”, degan fikrni ilgari surishdi. Xitoy har bir zonani, hatto oshxona va xizmat ko‘rsatish yo‘laklarini ham to‘liq harbiylashtirgan. Maqsad — har qanday kutilmagan suiqasd yoki favqulodda vaziyatda soniyalar ichida professional javob qaytarish va AQSH maxfiy xizmatiga “biz hamma joyni nazorat qilyapmiz” degan tahdidli signalni yuborish edi.

Trampning ushbu tashrifi shuni ko‘rsatdiki, XXI asrda global yetakchilik uchun kurash faqat iqtisodiy sanksiyalar yoki harbiy tahdidlar bilan cheklanmaydi. U tana tillari, yashirin skanerlar, divan balandligi va ofitsiant niqobidagi harbiylarning nigohlarida davom etadi. Bu uchrashuvda har ikki tomon ham bir-birining zaif nuqtalarini qidirdi va sahna ortidagi jangda g‘olib nomi rasmiy bayonotlardan ko‘ra, ancha tushunarliroq bo‘ldi. Xo‘sh, siz qaysi tarafni kuchliroq deb bilasiz? Izoh bo‘limi fikringizni bildirishingiz uchun ochiq!


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp Si Tszin'pin Apple Xiaomi Xitoy safari Ofitsiant josuslar “tuzoq”qa tushgan Tramp Jangning boshlanishi “Bloger” Mask Girgitton obrazidagi harbiylar iqtisodiy sanktsiyalar harbiy tahdidlar AQSh Maxfiy xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing