Eron — AQSH va Isroil urushi hali uzoq davom etadi

Intervyu

Eronning yangi rahbari Mujtabo Xomanaiy nega ko‘rinish bermayapti? U ham o‘ldirildimi? Qo‘shnilariga ham hujum qilgani aytilayotgan Eronni endi nimalar kutyapti? AQSH Eronda qurollar tugaganini aytmoqda. Urush yana qancha davom etishi mumkin? Urush sababli Eron oziq-ovqat eksportiga taqiq qo‘ydi. Bu O‘zbekiston bozori va logistikasiga qanday zarba beradi? Shu va boshqa muhim savollarga QALAMPIR.UZ jamoasi Eronning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariydan javob oldi.

Jurnalist: Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafotidan so‘ng Eron murakkab davrni boshidan kechirmoqda. G‘arb tahlilchilari buni “rejim inqirozi” deb baholamoqda. Tehronda siyosiy barqarorlikni saqlab qolish va yangi rahbariyatning shakllanishi qanchalik silliq kechmoqda?

Elchi (Muhammad Ali Iskandariy): Biz bugun barqarorlik va qudratga egamiz. Urushning ayni avj pallasida yangi rahbarimiz saylandi va ishga kirishdi. Shahid bo‘lgan rahbarimiz xalq ichida edi. Oddiy xalq kabi yashadi va xalq orasida shahid bo‘ldi. Tehron bombardimon qilinayotgan vaqtda ham xalqimiz maydonlarda edi, ular o‘z ittifoqi va jipsligini ko‘rsatishdi. Inqilobdan keyingi 47 yil davomida har doim shunday bo‘lib kelgan. Shunday ekan, bizning qudratimiz xalqdan. Qurol-yarog‘imiz ham, kuch-quvvatimiz ham xalqdan, o‘zimizniki.

Amerika qo‘llovi ostida Iroq bilan urushni boshdan kechirdik. Eronning ko‘plab infratuzilmalari, juda keng ko‘lamda zarar ko‘rdi.

Ammo shahid bo‘lgan Oyatulloh Xomanaiy rahbarligi ostida mamlakatimiz mintaqaviy kuchga aylandi. Shunday ekan, Tramp va Netanyaxu ko‘targan bu “to‘fon” ham jilovlanadi va Eron xalqi hamda davlati qudrat bilan rivojlanish yo‘lida davom etaveradi. Erondagi barcha rasmiylar xalq tanlovi bilan ish boshida turibdi. Albatta, agar Tramp muvaffaqiyat qozona olganida, allaqachon bunga erishgan bo‘lardi. U kamida to‘qqiz marta “Eron mag‘lub bo‘ldi va taslim bo‘ladi” deb aytdi, biroq unday bo‘lmadi.

Jurnalist: Marhum Oyatulloh Xomanaiyning vafotini raqsga tushib nishonlaganlar ham, chuqur qayg‘uga botib ko‘chalarda yig‘laganlar ham bo‘ldi. Oshkorona norozilik namoyish qilganlar ham bor. Bu vaziyat “ichkari”da qanday baholandi?

Elchi: Shuni ta’kidlash joizki, e’tiroz bildirish xalqning qonuniy huquqidir va bu bizning Konstitutsiyamizda ochiq-oydin mustahkamlab qo‘yilgan. To‘g‘ri, mamlakatimizda muammolar mavjud, biroq barchamiz tan olishimiz kerakki, bu qiyinchiliklarning asosiy sababchisi – Amerikaning ayovsiz sanksiyalaridir. Biz ushbu muammolarni bartaraf etish uchun Amerika bilan ham bevosita, ham bilvosita 500 martadan ortiq muzokaralar olib bordik. Xalqimiz davlatning muammolarni hal qilish yo‘lidagi tinimsiz urinishlaridan yaxshi xabardor.

Eron xalqi Amerikaning asl yuzini amalda ko‘rdi: ular bir tomondan sanksiyalar orqali hayotimizni qiyinlashtirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, muammolarni go‘yo “hal qilish” niqobi ostida tajovuzkorlik va hujumlarni amalga oshirmoqda. Bugun Eronda turli dinlar, mazhablar va siyosiy guruhlar o‘z fikrlarini erkin bayon etishmoqda. Albatta, sodir bo‘layotgan voqealardan xursand bo‘ladiganlar ham topiladi. Biroq, xalqning mutlaq ko‘pchiligi bir haqiqatni anglab yetdi: davlat haq gapni aytmoqda, Amerika esa hech qachon Eron xalqining xayrixohi bo‘lmagan.

Odamlarimiz dushmanning asl niyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Hatto maktabga qilingan hujum oqibatida 167 nafar begunoh qizaloqlar shahid bo‘lgani ham dushmanning vahshiyligidan dalolatdir. Men ilgari ham aytganman, Eron xalqi o‘z birdamligini, hatto bomba yomg‘irlari ostida ham isbotlab bo‘lgan. Hech qanday fitna xalqimiz orasiga nifoq sola olmadi va sola olmaydi ham. Tez orada millionlab vatandoshlarimiz umumxalq tadbirlarida ishtirok etib, buni yana bir bor butun dunyoga namoyish etishadi. Bugun nafaqat biz, balki hatto g‘arbliklarning o‘zlari va amerikalik rasmiylar ham tan olishga majbur bo‘lmoqda: bu kabi bosimlar Eron xalqini parchalash o‘rniga, ularni yanada jipslashtirdi va milliy irodamizni har qachongidan ham mustahkamladi.

Jurnalist: Dunyo OAVlarida Eronning yangi rahbari Mujtabo Xomanaiy vafot etgani haqida ham xabarlar, turli farazlar e’lon qilinmoqda. Asos sifatida esa uning Eron xalqiga qilgan ilk murojaatida o‘zi ko‘rinish bermagani, murojaat matni o‘qib eshitirilgani ko‘rsatilmoqda. Ba’zi xabarlarda esa Mujtabo Xomanaiy yuzidan jiddiy jarohat olgani va Rossiyada davolanayotgani aytilmoqda. Xo‘sh, bu gaplar qanchalik rost?

Elchi: Bugun nafaqat qurolli to‘qnashuv, balki ayovsiz axborot urushi ham ketmoqda. Bu targ‘ibot mashinasi urush boshlanmasdan oldin ham tinmagan edi, hozir ham o‘sha safsatabozlik davom etmoqda. Ular tinmay yolg‘on iddaolarni o‘rtaga tashlashyapti. Biroq, Eron rahbarining o‘z vatani bag‘rida, xalq orasida oddiy va osoyishta hayot kechirayotganining o‘zi dushmanning barcha bo‘htonlarini chilparchin qiladi. Bu gaplarning barchasi – mutlaq yolg‘on!

Yana bir haqiqatni bilsinlar: bugun dunyoda shunday bir muolaja yoki tibbiy yutuq yo‘qki, uni eronlik mutaxassislar amalga oshira olmasin. Bizning tibbiy va ilmiy salohiyatimiz ham xalqimiz, ham davlatimiz uchun to‘la-to‘kis safarbar etilgan. Shunday ekan, dushmanning bu uydirmalari shunchaki arzon propaganda va puch tashviqotdan boshqa narsa emas. Biz o‘z tanlagan yo‘limizdan aslo qaytmaymiz va bunday asossiz safsatalarga zarracha ham e’tibor bermaymiz.

Men bu gaplarni quruqdan quruqqa aytayotganim yo‘q, biz har qanday sohada, xususan, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etgan qudratli davlatmiz. Buni aytishimdan maqsad – go‘yo bizga qandaydir zarar yetgandek ko‘rsatayotgan dushman axborot oqimining butkul yolg‘on ekanligini fosh qilishdir. Eronning yangi Rahbari mutlaq sog‘-salomat, g‘ayrat-shijoatga to‘la va o‘z qudrati bilan xalqimizga xizmat qilishda davom etmoqda. 

Jurnalist: Yaqinda Eron raketalarining Turkiya va Ozarbayjon havo hududiga kirishi bu mamlakatlar  bilan munosabatlarni sovuqlashtirdi. Turkiya Tomoni raketalar Eron hududidan uchirilganini aniqladi. Bu bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildimi?

Elchi: Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, Ozarbayjon Respublikasi va Turkiya bizning eng yaqin, eng ishonchli qo‘shnilarimizdir. Bizning aloqalarimiz va o‘zaro savdo aylanmamiz nihoyatda yuqori darajada. Urush boshlanishidan avval biz bu davlatlardan o‘z hududlari va havo kengliklaridan bizga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymasliklarini iltimos qilgan edik. Ular va’da berishdi va so‘zining ustidan chiqishdi. Shunday ekan, biz tomonimizdan ularga hujum qilish uchun hech qanday mantiqiy sabab yo‘q. Sodir bo‘lgan hodisalar borasida ikki ehtimol mavjud: 

  1. “Yolg‘on bayroq” operatsiyasi: Masalan, amerikaliklar bizning “Shahid” dronimizni nusxalab, “Lukas” deb nomlangan dron yasashgan. Ular bir-biriga juda o‘xshash. Amerika bizning nomimizdan hujum uyushtirib, oraga nifoq solmoqchi. 
  2. Tasodifiy xatolik: xuddi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi urushda bo‘lgani kabi. O‘shanda ba’zi snaryadlar adashib bizning binolarimizga ham zarar yetkazgan edi. Hozirda haqiqatni aniqlash qo‘mitasi tuzilgan va masalani o‘rganmoqda. 

Davlatimiz va Qurolli kuchlarimiz “biz bunday ishni qilganimiz yo‘q!” deb rasman e’lon qildi. Bu shunchaki musulmon davlatlari va mintaqa mamlakatlari orasiga nifoq solish uchun qilinayotgan navbatdagi axborot urushidir. Vaziyat oydinlashgach, Ozarbayjon darhol chegaralarni ochdi va aloqalar iziga tushdi. Ozarbayjon rahbari birinchilardan bo‘lib ham ta’ziya bildirdi, ham yangi Rahbarimiz saylangani bilan tabrikladi. Eron xalqiga ilk insonparvarlik yordami ham aynan Ozarbayjondan keldi. Bugun qiyin ahvolda qolgan odamlar Eron va Ozarbayjon hududlari orqali dunyoga chiqmoqda. 

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ham Eron va Turkiya o‘rtasidagi iliq munosabatlarga hech narsa soya sola olmasligini qat’iy aytdi. U haqiqatni ochiq aytdi. Isroilning ko‘zi yerda! Bir narsani hamma tushunishi kerak: kecha G‘azo, bugun Eron, ertaga esa navbat Turkiyaga keladi. Undan keyin ular keyingi davlatga yopishadi. Mintaqa xalqlari va rasmiylari bu xavfni juda yaxshi anglab turishibdi. Inshaalloh, bu urushlar ortda qolgach, biz qo‘shnilarimiz bilan har qachongidan ham mustahkamroq aloqalarni davom ettiramiz.
Intervyuning qolgan qismini YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston Eron Ozarbayjon Xalq Amerika Tehron sanktsiyalar bombardimon Muhammad Ali Iskandariy hujumlar Oyatulloh Xomanaiy Mujtabo Xomanaiy Turkiya Tashqi ishlar vaziri muxtor elchi tajovuzkorlik “Shahid” droni

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing