Germaniyaga tarsaki. Rossiyada “Deutsche Welle” faoliyatiga taqiq qo‘yildi

Olam

image

Germaniya Federativ Respublikasida nemis tilida faoliyat yurituvchi Rossiyaning yirik axborot agentligi “Russia Today DE” (RT DE) faoliyati taqiqlanishi ortidan Movkva javob qaytardi. Germaniyaga qarashli yirik xorijiy axborot agentligi “Deutsche Welle” (DW) Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z rasmiy saytida ma’lum qilgan.

Bildirilishicha, hozirda DW xodimlarining Rossiyadagi akkreditatsiyasi tugatilishi va muxbirlik markazining yopilishi kutilmoqda.

“Javob choralarining birinchi bosqichi doirasida, Rossiya tomoni Rossiya Federatsiyasi hududida “Deutsche Welle” teleradiokompaniyasining sun’iy yo‘ldosh orqali uzatadigan va boshqa eshittirishlarining to‘xtatilishini bildiradi”, deyiladi vazirlik xabarida.  

Bundan tashqari, Rossiya TIV agentlik faoliyati yakunlanishi doirasida quyidagi choralar qo‘llanilishi haqida ham ma’lum qilgan:

•  teleradiokompaniyaning Rossiyadagi muxbirlik ofisini yopish;

•  DW rus byurosining barcha xodimlari akkreditatsiyasini bekor qilish;

•  teleradiokompaniyani xorijiy agent sifatida faoliyat yurituvchi xorijiy OAV deb tan olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish;

•  Rossiyaning “Russia Today DE” OAV operatoriga bosim o‘tkazish va translyatsiyasini cheklashda ishtirok etgan Germaniya davlat va jamoat tuzilmalari vakillari ro‘yxatini shakllantirish hamda ularning Rossiya hududiga kirishi uchun taqiq qo‘yish.

"Javobning keyingi bosqichlari haqida ma’lumotlar e’lon qilib boriladi", deya qo‘shimcha qiladi Rossiya TIV. 

Ma’lumot o‘rnida, Germaniya ommaviy axborot vositalarini tartibga solish komissiyasi kecha, 2 fevral kuni zarur litsenziyasi yo‘qligi sabab “RT DE” telekanaliga Germaniyada nemis tilida ko‘rsatuv tayyorlashni taqiqlagan.

Rossiya TIV nemis rasmiylarining qarori Moskvani Rossiya Federatsiyasida akkreditatsiyadan o‘tgan nemis ommaviy axborot vositalariga qarshi javob choralari ko‘rishga majbur qilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

583

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing