Germaniyada Usmonovning aktivlarini “muzlatish” talab qilinmoqda
Olam
−
16 may 2022
4113Germaniyada rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning aktivlarini muzlatish yoki musodara qilish talab qilinmoqda. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Usmonovning Tegernze ko‘li bo‘yida joylashgan Bavariyaning Rottax-Egern kommunasida uchta villasi bor.
Mahalliy siyosatchi, “Yashillar” partiyasi va Rottax-Egern shahar kengashi a’zosi Tomas Tomashek rasmiylardan ushbu villalarni tortib olishni talab qilmoqda.
NYT nashrining yozishicha, Tomashek joriy yilning mart oyi oxirida villalar yaqinida 300 ga yaqin odamni to‘plab, norozilik namoyishini uyushtirgan va Bavariya aholisini hayratda qoldirgan.
“Bizda bu oligarxlar bilan ma’naviy muammo bor. Ko‘pchilik menga: "Shovqin qilmang, bu bizning ishimiz emas", deyishadi. Menimcha esa, bu aynan bizning ishimiz ”, deydi Tomashek nashrga bergan intervyusida.
Mahalliy hokimiyat va tadbirkorlar esa uning tashabbusiga qarshi. Rottax-Egern meri Kristian Kek ham Tomashekni aksiya o‘tkazishdan qaytarmoqchi bo‘lgan.
Villalarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan mahalliy usta Andreas Kitserou turar-joylarni hibsga olish g‘oyasini "g‘ayritabiiy" deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, Usmonov "har doim ehtiyotkor bo‘lgan" va Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga hech qanday aloqasi yo‘q.
Kitserouning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik milliarder undan va yana bir qancha xodimlaridan 1 million dollarga yaqin qarzi bor, biroq sanksiyalar tufayli ularni to‘lay olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 fevral kuni YeI kengashi Alisher Usmonovni boshqa rossiyalik tadbirkorlar, rasmiylar va madaniyat arboblari qatori Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan shaxslar "qora ro‘yxat"iga kiritdi. Ularning barchasiga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlandi, Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatildi.
Shundan so‘ng, Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganiga norozilik bildirib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
Shuni aytish joizki, Fransiya hukumati ham milliarderning ikkita vertolyotini hibsga olgan. Italiyada uning umumiy qiymati 80 mln yevrodan yuqori bo‘lgan aktivlari musodara qilingan.
Germaniyaning Gamburg shahri hukumati Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova nomiga rasmiylashtirilgan Dilbar yaxtasini musodara qilgan.
LiveBarchasi