Germaniyada BMW Rojdestvo yarmarkasidagi olomonni bosib ketdi (video)
Olam
−
21 dekabr
4254Saksoniya-Angalt federal yeri poytaxti Magdeburg shahrining markazida joylashgan Rojdestvo yarmarkasida BMW katta tezlikda olomonni bosib ketdi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. 60 dan ortiq odam jarohatlangan. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, turli darajadagi jarohatlar olganlar soni 60 dan 80 kishigacha yetgan. “Volksstimme” esa 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi, lekin bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmadi. Saksoniya-Angalt hukumati vakili “Tagesschau” bilan suhbatda ushbu voqeani terror hujumi deb atadi, ammo rasmiy bayonotlar hozircha berilmagan. Fojia joyiga federal yer bosh vaziri Rayner Xazeloff yetib borgan va ushbu voqeani “dahshatli hodisa” deb ta’riflagan.
Germaniya kansleri Olaf Shols X sahifasida hamdardlik bildirib, izoh qoldirgan.
“Magdeburgdan kelayotgan xabarlar eng yomon ehtimollarni o‘ylashga majbur qilmoqda. Mening hayolim qurbonlar va ularning yaqinlarida. Biz ular va Magdeburg aholisi yonidamiz”, deydi Shols.
Hodisa yuz bergach, Rojdestvo yarmarkasi darhol yopilgan va shahar markazidagi tramvaylar harakati to‘xtatilgan. Magdeburg politsiyasi haydovchining yakka harakat qilganmi yoki yo‘qligi hali aniqlanmaganini ma’lum qilgan. Hodisa sabablari noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy janubidagi Chjuxay shahrida erkak mashinasini qasddan bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘lib, 43 kishi og‘ir yaralangandi.
LiveBarchasi