Germaniyada 10 soniya kechikkan samolyotning qo‘nishiga ruxsat berilmadi
Olam
−
04 iyun 2025 8874 2 daqiqa
Germaniyada 220 dan ortiq yo‘lovchisi bo‘lgan Condor aviakompaniyasiga tegishli reys atigi 10 soniyalik kechikish sababli Myunxen aeroportiga qo‘nishga ruxsat ololmadi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Samolyot Palma-de-Malorka (Ispaniya) – Myunxen (Germaniya) yo‘nalishida uchib, 00:30 dan oldin qo‘nishi kerak bo‘lgan. Ammo yarim tunda qo‘nish taqiqlanadigan vaqt chegarasini 10 soniyaga buzgani sababli aeroport unga qo‘nishga ruxsat bermagan.
Germaniya shahriga yaqinlashgan va allaqachon shassilarini ochgan samolyot uchuvchisi kutilmagan bayonot bilan chiqqan.
“Biz qo‘nishni to‘xtatamiz. 10 soniya kechikkanimiz sababli tungi qo‘nish ruxsatimiz bekor qilindi”, degan u.
Shundan so‘ng samolyot Belgiya chegarasiga yaqin joylashgan Xan aeroportiga yo‘naltirilgan. U yerdan yo‘lovchilar avtobusda ikki soatdan ortiq yo‘l bosib, Frankfurtga olib borilgan va Frankfurtdan yana Myunxenga qayta uchgan.
“Atigi 10 soniya tufayli men 12 soatlik azobli safarga tushib qoldim. Bu yerda byurokratiya sog‘lom fikrni yengdi”, deydi fotojurnalist Daniel Sharinger.
Bavariya Transport vazirligiga ko‘ra, qo‘nish uchun oldindan ruxsat berilgan bo‘lsa-da, kechikishdan keyin yuborilgan ruxsatni uzaytirish so‘rovi qabul qilinmagan, chunki u reys havoda bo‘lgan paytda kelib tushgan.
Ma’lumot uchun, bu Germaniyadagi qat’iy tungi aviatsiya qoidalari fonida yuz bergan holat bo‘lib, Myunxen aeroportida 00:30 dan keyin samolyotlar qo‘nishi taqiqlanadi. Oldindan tasdiqlangan holatlar bundan mustasno.
Live
Barchasi