Germaniya va Fransiya Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi
Olam
−
30 avgust 3575 2 daqiqa
Germaniya va Fransiya urushni tugatish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirish, mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 29 avgust kuni Fransiyaning Tulon shahrida o‘tgan hukumatlararo maslahatlarda qabul qilingan qo‘shma bayonotda so‘z boradi.
Unda Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etgan.
Ikki davlat Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borgan so‘nggi hujumidan so‘ng, Kiyevga havo mudofaasida yordamni kengaytirishga va’da bergan hamda Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish ehtimolini bildirgan.
Yetakchilar ishtirokida qabul qilingan bayonotda esa Rossiya agressiv urushni tugatishga tayyorligini ko‘rsatmayotgani, yangi sanksiyalar Rossiya bilan birga urushni qo‘llab-quvvatlayotgan uchinchi davlat kompaniyalariga ham qaratilishi mumkinligi hamda Germaniya va Fransiya bu tashabbusni G7 va Yevropa Ittifoqi yig‘ilishlarida ilgari surishi qayd etilgan.
Shuningdek, ikki davlat ommaviy axborot vositalari dezinformatsiyaga qarshi kurash sohasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha deklaratsiya imzolagan. “Deutsche Welle” va “France Médias Monde” o‘rtasida hamkorlik chuqurlashtiriladi, shuningdek, fransuz-nemis kanali bo‘lmish “Arte”ning faoliyati boshqa Yevropa mamlakatlariga ham kengaytiriladi.
Ukrainaning yaqin do‘sti sifatida Germaniya va Fransiya mamlakatlari Rossiyadagi urushni tugatish uchun tez-tez va shov-shuvli bayonotlar berayotgani, Rossiyaga imkoni boricha bosim qilayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, avvalroq Makron o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Rossiyaning Kiyevga amalga oshirgan kechki hujumlarini qoralab, Moskvani ochiqdan-ochiq terrorchilik harakatida ayblagandi. Germaniya kansleri esa 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda eski uslubi – vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayotgani haqida aytgandi. Unga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini oldindan belgilangan shartlarga bog‘lab, uni imkonsiz holatga keltirmoqda. Mers bunday talablarni Germaniya ham, Ukraina ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini ta’kidlagan.