Germaniya Ukrainaga yana 1 mlrd yevrolik harbiy yordam ajratadi
Olam
−
12:14 508 2 daqiqa
Germaniya Ukrainaga qo‘shimcha 1 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratadi. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 4 oktyabr kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Mersning Kiyevga tashrifi davomida shaharga Rossiya tomonidan dron hujumlari uyushtirilgan. Poytaxtda havo hujumi sirenalari yangragan va portlashlar ovozi eshitilgan.
Mers Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga majbur qilinmasligini bildirgan. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi aholi ruhiyatini tushirishga urinmoqda.
Shuningdek, Germaniya Ukraina energetika tizimini tiklash uchun 350 million yevro ajratadi. Mers Rossiyaning kiberhujumlar va dezinformatsiya kampaniyalari orqali Yevropaning demokratik tartibiga zarba berayotganini ta’kidlagan.
Kanslerning Kiyevga tashrifi doirasida Germaniya kompaniyalari va Ukraina hukumati hamda biznes vakillari o‘rtasida umumiy qiymati qariyb 6,6 milliard yevrolik 14 ta kelishuv imzolangan.
Ular orasida Germaniyaning Diehl Defence kompaniyasidan IRIS-T havo mudofaa raketalarini yetkazib berish, Hensoldt kompaniyasidan radar uskunalarini xarid qilish hamda Quantum Systems kompaniyasidan reaktiv dronlarni tutib qoluvchi qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar bor.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning infratuzilmaga qarshi hujumlarini kuchaytirishiga javob qaytarilishini bildirgan. Uning aytishicha, Rossiya so‘nggi haftalarda Kiyevdagi ko‘priklarga ham zarba bermoqda. Mers esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ma’nosiz urushga barham berishga chaqirgan.
“Biz muzokaralarga tayyormiz, bu urushni tugatish masalasini muhokama qilishga tayyormiz, biroq Ukrainaning tinch aholisiga qarshi bu vahshiyona hujumlar to‘xtashi kerak”, degan Germaniya kansleri.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 oktyabr ertalab Germaniya kansleri Fridrix Mers maxsus poyezdda Kiyevga borgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi