Germaniya Ukrainaga qishki yordam uchun yana 200 mln yevro beradi – Berbok
Olam
−
04 noyabr
2025Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainaga to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri sakkizinchi tashrifi chog‘ida bu mamlakatga kelayotgan qish davri uchun qo‘shimcha 200 million yevro yordam va’da qildi. Bu haqda u bugun, 4 noyabr kuni Kiyevda ukrainalik mavqedoshi Andrey Sibiga bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bu mablag‘lar, xususan, front chizig‘ida yashovchi ukrainaliklarni yoqilg‘i bilan ta’minlashga sarflanadi. Uchinchi harbiy qish arafasida turgan ukrainaliklar o‘zlarini noldan past haroratlardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan narsalar bilan ta’minlanishi kerak”, dedi Berbok.
Qayd etilishicha, qo‘shimcha insonparvarlik yordami Ukraina energetika sohasini qo‘llab-quvvatlashga emas, balki aholiga qishki favqulodda yordam choralariga qaratilgan bo‘ladi.
Berbokning so‘zlariga ko‘ra, urushni boshlagan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hozir Shimoliy Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, shuningdek, Ukraina sharqida ayniqsa keskin harakatlarni amalga oshirmoqda.
“U ataylab hayotiy muhim infratuzilmani yo‘q qilishga, elektr stansiyalarini bombalashga va elektr uzatish liniyalarini yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Hozirda Ukraina energetika infratuzilmasining deyarli uchdan ikki qismi vayron qilingan”, dedi Germaniya TIV rahbari.
Ertaga, 5 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari, natijada Kiyevga yordam berishga qarshi bo‘lgan Donald Tramp Oq uyga qaytishi mumkinligi haqida gapirar ekan, Berbok Ukrainani Germaniyaning so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. U Germaniya Yevropaning eng yirik davlati sifatida bu borada “o‘z mas’uliyatini anglashini” va bu haqda AQSH saylovlari arafasida Kiyevda yana bir bor eslatmoqchi ekanini aytdi.
Shuningdek, Germaniya Tashqi ishlar vaziri o‘z mamlakatida Kiyevga ko‘mak bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini tan oldi.
O‘z navbatida, Sibiga Ukraina G‘arb ittifoqchilaridan o‘z mamlakatini Rossiya bosqinidan himoya qilish bo‘yicha aniq qarorlar kutishini aytdi.
“Hududlarimizdan ayrilib qolmaslik, xalqimizni yo‘qotmaslik, ba’zi sohalarda o‘z-o‘zini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lishimiz uchun o‘z vaqtida bajarilishi kerak bo‘lgan qadamlar juda muhim”, dedi u.
O‘sha kuni Berbok Berlin Kiyevga topshirgan Gepard o‘ziyurar zenit qurollaridan foydalanish bilan tanishdi. Ukraina harbiy xizmatchilari unga ushbu zirhli transport vositalarining jangovar sharoitda ishlashi haqida gapirib berdi va qo‘shimcha materiallar va o‘q-dorilarni yetkazib berishni so‘rashdi.
Germaniya allaqachon Ukrainaga Germaniya qurolli kuchlari va Germaniya mudofaa sanoati zaxiralaridan 55 Gepard birligi, ehtiyot qismlar va 176 ming o‘q-dorilarni yetkazib bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Berbok kutilmagan tashrif bilan Kiyevga borgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi