Germaniya Ukraina uchun eng yirik harbiy paket tayyorlamoqda
Olam
−
13 may 2023
5462Germaniya Ukrainaga deyarli 2,7 milliard yevroga teng eng yirik harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. Uning tarkibiga Marder qo‘shinlarining jangovar mashinalari, Leopard 1 tanklari, Gepard o‘ziyurar zenit qurollari, o‘q-dorilar bilan IRIS-T SLM havo mudofaa tizimlari va boshqa turdagi og‘ir texnikalar kiradi. Bu haqda bugun, 13 may kuni Berlindagi manbalarga tayanib, “Der Spiegel” xabar berdi.
Aytilishicha, bu paket so‘nggi kunlarda vazirliklar va federal kansler idorasi o‘rtasidagi maxfiy muzokaralar chog‘ida kelishilgan. Muzokaralarda Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlarini zirhli texnikalar bilan mustahkamlash va Ukraina havo hujumidan mudofaa samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, yangi harbiy yordam paketining e’lon qilinishi ertaga, 14 may kuni Germaniyaning Axen shahrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga “Buyuk Karl” xalqaro mukofotini topshirish marosimi arafasiga to‘g‘ri keladi. Ukraina xalqi va Prezidenti loyiq ko‘rilgan mazkur mukofotni topshirish marosimida Zelenskiyning shaxsan o‘zi qatnashishi kutilmoqda.
Ukraina uchun nemis qurollarining yangi ro‘yxati juda uzun bo‘lib, Ukraina yana 20 ta Marder piyoda jangovar mashinasini, 30 ta Leopard 1 tankini, 2022 yil oxirida va’da qilingan 18 g‘ildirakli gaubitsani, to‘rtta IRIS-T SLM havo mudofaa tizimini, ushbu tizimlar uchun 12 ta IRIS-T SLS ishga tushirish moslamalari va yuzlab boshqariladigan raketalarni oladi.
E’tiborli jihati shundaki, IRIS-T dunyodagi eng ilg‘or havo mudofaa tizimlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi oylarda Ukrainaga yetkazib berilgan ikkita shunday tizim ko‘plab rus raketalari va dronlarini tutib olgan.
Manbaga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga dushman pozitsiyalarini aniqlashda yordam beradigan 200 tagacha razvedkachi uchuvchisiz samolyotlarni o‘tkazadi. Bundan tashqari, Ukraina harbiy xizmatchilarni tashish uchun 100 ta bronetransportyor va 100 ta logistika yordam mashinasini oladi.